O‘zbekistonliklarni Italiyaning qishloq xo‘jaligi sohasiga ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deya xabar bermoqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Agentlik rahbari Behzod Musayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobridjida hamda Confagricoltura tashkiloti vitse-prezidenti Luka Brondelli ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Migratsiya agentligi hamda Italiyaning “Associazione Imprese Ortofrutticole” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Italiyaga 3 oydan 9 oygacha bo‘lgan mavsumiy ishlarga jalb etiladi.

Assotsiatsiya prezidenti Marko Salvi joriy yilning o‘zida pilot loyiha doirasida 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Ushbu assotsiatsiya Italiyada meva-sabzavot sohasidagi 35 dan ortiq yirik kompaniyani birlashtirib, fermerlikdan tortib qayta ishlash, logistika va eksportgacha bo‘lgan to‘liq agrosanoat zanjirini qamrab oladi. Asosiy mahsulotlari: olma, kivi, anor, qulupnay kabi mevalar.


Avvalroq Spot O‘zbekiston AQSHga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilarini yuborishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, ular AQSH fermalarida oyiga $3500 maosh bilan 10 oygacha ishlashlari mumkin bo‘ladi.