O‘zbekistonda san‘atkorlardan har bir to‘y yoki konsert uchun soliq undirilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida"gi qaror loyihasida belgilangan.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan ijrochilar va ijodiy jamoalarning faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlar Soliq mobil ilovasida ro‘yxatga olinadi. Ijrochilar 2028-yil oxirigacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni bir xizmat — bir to‘lov tamoyili asosida amalga oshiradi.

Ammo bundan mehnat shartnomasi asosida mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq ijodiy faoliyat olib borayotgan ijrochilar mustasno bo‘ladi.

Bunda ijrochilar tomonidan xizmat ko‘rsatish joyi, sanasi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni mobil ilovada aks ettirish tartibida amalga oshiriladi.

Mobil ilovada ijrochilar tomonidan tegishli maʼlumotlar kiritilgandan va belgilangan miqdordagi to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng avtomatik tarzda elektron maʼlumotnoma shakllantiriladi.

Joriy yil 1-sentabrdan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun YTT sifatida aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash tartibi tatbiq etilmaydi.

Ijrochilar tomonidan mobil ilovaga tegishli maʼlumotlar kiritilmasligi va belgilangan miqdordagi to‘lov amalga oshirilmasligi litsenziyani qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadigan talab va shartlar hisoblanadi.

2029-yil 1-yanvardan ijrochilarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi shartnoma qiymatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish aholi va barcha subyektlar, ijrochilar va ijodiy jamoalar tomonidan Soliq ilovasida xizmat ko‘rsatish joyi, sanasi, qiymati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni tizimda aks ettirish bilan bir qatorda ommaviy oferta tarzidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash, ushlab qolish, budjetga o‘tkazish, hisobotlarni taqdim etish soliq organi tomonidan avtomatik tarzda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Bunda soliq organlari soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay soliq summasini mobil ilovaga biriktirilgan bank kartalaridan avtomatik tarzda undirib oladi, yetarli mablag‘ mavjud bo‘lmagan qismi bo‘yicha esa hisobot kuni to‘lov xabarnomasi yuboriladi.

Yillik umumiy daromadning 30%i miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi.

Tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromadning 30% idan oshgan taqdirda qo‘shimcha ravishda ushbu daromadning 10%i miqdori chegiriladi.

Litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi.

2025-yilning aprel oyida Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2027-yildan san’atkorlarning daromadlarini deklaratsiyalash va soliqqa tortish tartibi kuchaytirilishini ma’lum qilgandi. O‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmagan yoki soliqlardan qochgan san’atkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi. 2025−2026 yillar davomida tizim tartibga solinib, qonunchilik asosida daromadlarni soliqqa tortish yuzasidan ishlar olib boriladi.

Avgust oyida esa 2 mingga yaqin xonanda soliq deklaratsiyasini topshirgani aytilgandi.

Spot, avvalroq, soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida yozgandi.