10−12-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Cursor AI Hackathon 2026 xakatoni uchun arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Startup Base xabar berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar 48 soat davomida uzluksiz o‘z g‘oyalarini to‘liq mahsulotga aylantirish ustida ishlaydi.
Xakaton startaplar, dasturchilar va texnologiyaga qiziquvchi yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda jamoalar o‘z loyihalarini ishlab chiqish va yakunda taqdim etish bo‘yicha bellashadi.
Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Jumladan, Cursor, Appwrite va Hetzner platformalaridan foydalanish uchun kreditlar, tajribali mentorlar yordami hamda qulay ish muhiti taqdim etiladi.
Cursor tomonidan quyidagi mukofot jamg‘armasi ajratilgan:
- 1-o‘rin uchun — $2500 ;
- 2-o‘rin uchun — $1500;
- 3-o‘ringa — $1000.
Ishtirok etish uchun nomzodlar bir necha bosqichdan o‘tishi kerak. Dastlab ro‘yxatdan o‘tish, 5 kishigacha bo‘lgan jamoa shakllantirish hamda saralash topshiriqlarini bajarish talab etiladi.
Tanlab olingan jamoalar 10−12-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan oflayn hakatonga taklif etiladi.
Unda 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin va arizalar 29-martgacha havola orqali qabul qilinadi.
Cursor Hackathon 2026 yosh dasturchilar va startap asoschilari uchun qisqa vaqt ichida mahsulot yaratish, tajriba orttirish va professional hamjamiyat bilan aloqalarni kengaytirish imkonini beradi.
Avvalroq Spot yosh tadbirkorlar chempionati o‘tkazilib, eng yaxshi loyihalarga 1 mlrd so‘mgacha ajratilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, g‘oliblarga marketing va brendlash xarajatlari uchun 41,2 mln so‘mgacha mablag‘ qoplab beriladi hamda ular davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.