Milliy valyutadagi bank omonatlari bo‘yicha stavkalar o‘sishda davom etmoqda, deyiladi Markaziy bank ma‘lumotlarida.
Fevral oyida so‘mdagi depozitlarning o‘rtacha daromadliligi yillik 19% ni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,1% ga oshdi. Shu bilan birga, yillik hisobda u 0,2% ga kamaydi.
Qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha stavka 17,8% ga teng bo‘ldi — bu yanvar oyidagidan 0,3% ga va o‘tgan yilgi darajadan 0,8% ga yuqoridir. Muddati 1 yil va undan ortiq bo‘lgan omonatlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 19,3% ni tashkil etib, 2023-yilning fevraliga nisbatan 1,5% ga kamaygan.
Aholi omonatlari segmentida o‘rtacha daromadlilik pasayishda davom etdi — 20,4% (bir oyda -0,2% va yillik hisobda -1,7%). Qisqa muddatli depozitlar daromadliligi bir yil ichida 0,4% ga pasayib, yillik 20,3% ni tashkil qildi.
Jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha real ifodadagi (inflyatsion kutilmalar chegirib tashlangan) foiz stavkalari 8,3% ga teng bo‘ldi. Bir oy davomida biroz pasayganiga qaramay, ular o‘tgan yilgiga nisbatan 2,4% ga oshdi.
Korporativ omonatlar bo‘yicha stavkalar yanvar oyiga nisbatan 1% ga o‘sib, 17,3% ga yetdi — bu o‘tgan yil sentabridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qisqa muddatli hisobvaraqlarning daromadliligi 15,6% ni (+0,3%), uzoq muddatlilarniki esa 17,8% ni (+1,1%) tashkil etdi.
Real ifodada yuridik shaxslar omonatlari bo‘yicha stavkalar so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichni — 5,9% ni yangiladi. Oxirgi bir yil ichida ular ikki baravardan ko‘proqqa o‘sdi.
Xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalar 4,5% gacha pasaygani kuzatildi (bir oyda -0,1%).
Qisqa muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha stavkalar yanvar oyidagi keskin o‘sishdan so‘ng 2,5% gacha (-0,5%) pasaydi. Shu bilan birga, uzoq muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha daromadlilik 5,2% darajasida saqlanib qoldi va yil davomida 0,5% ga oshdi.
Jismoniy shaxslarning valyuta omonatlari bo‘yicha stavka 5% ga teng bo‘lib, bir oy davomida biroz pasayish kuzatildi. Boshqa tomondan, biznes uchun omonatlar daromadliligi ko‘p oylik minimum darajaga — 3,7% gacha tushdi (bir oyda -0,4%).
Spot, avvalroq, aholi mikromoliya tashkilotlari va lombardlardan asosan 10 mln so‘mgacha kredit olgani haqida yozgandi.