Joriy yil yozdan boshlab AQSH dollarida prezident Donald Trampning imzosi paydo bo‘ladi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

AQSH G‘aznachilik departamentining ma’lum qilishicha, bu Amerika pullariga amaldagi prezident imzosi qo‘yilgan ilk holat bo‘ladi.

Amerika mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan chiqarilgan yangi banknotlarda 165 yilda ilk bor AQSH g‘aznachisining imzosi bo‘lmaydi.

G‘aznachi moliya vaziriga bo‘ysunib, Gravyura va bosma ishlar byurosi, AQSH zarbxonasi hamda Moliya vazirligining boshqa vazifalarini nazorat qiladi.

Tramp va AQSH Moliya vaziri Skott Bessentning imzolari tushirilgan dastlabki $100 lik banknotlar iyun oyida chop etiladi, keyingi oylarda esa boshqa kupyuralar ham chiqariladi.

Qayd etilishicha, yangi banknotlarning banklarga yetib borishi uchun bir necha hafta vaqt ketishi mumkin.

Moliya vazirligi prezident Jo Bayden davridagi sobiq moliya vaziri Janet Yellen hamda sobiq g‘aznachi Linn Malerba imzolari tushirilgan banknotlarni chiqarishda davom etmoqda.

Malerba 1861-yildan beri AQSh hukumati ilk bor federal pul kupyuralarini chiqargan paytdan boshlab, imzolari ushbu kupyuralarda paydo bo‘lib kelayotgan g‘aznachilar uzluksiz qatorining so‘nggi vakiliga aylanadi.

Imzoning o‘zgartirilishi Tramp ma’muriyati va uning ittifoqchilarining prezident nomini binolar, muassasalar, hukumat dasturlari, harbiy kemalar va tangalarga joylashtirishga so‘nggi urinishidir.

Tramp a’zo etib tayinlagan san’at ishlari bo‘yicha federal komissiya o‘tgan hafta Tramp tasviri tushirilgan esdalik oltin tangasi dizaynini ma’qulladi.

Qayd etilishicha, Tramp tasviri tushirilgan bir dollarlik tangani muomalaga chiqarishga bo‘lgan urinish AQSH tangalarida tirik odamlarni tasvirlashni taqiqlovchi qonunlar tufayli puchga chiqdi.

Federal zaxira tizimi banknotlarini chop etishni tartibga soluvchi qonun G‘aznachilikka qalbakilashtirishdan himoyalanish maqsadida dizaynni o‘zgartirish uchun keng vakolatlar beradi.

Qonun ayrim unsurlarni, jumladan, “In God We Trust” (“Biz Xudoga ishonamiz”) yozuvini saqlab qolishni talab qiladi va faqat vafot etgan shaxslarning portretlaridan foydalanishga ruxsat etadi.

Avvalroq AQSH 2026-yildan dollarning yangi namunalarini muomalaga kiritishi haqida xabar berilgandi.

Yangilangan banknotalar bosqichma-bosqich — $10 lik banknota 2026-yilda, $50 lik 2028-yilda, $20 lik 2030-yilda, $5 lik 2032-yilda va $100 lik banknota esa 2034-yilda muomalaga chiqariladi.