O‘zbekistonda yangi qurilgan uylardan ko‘chmas mulk sotib olinganda keshbek joriy etish taklifi ishlab chiqildi. Bu haqda 27-mart kuni Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev media-muloqotda ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorlangan hujjat loyihasiga yangi uylardan ko‘chmas mulk xarid qilinganda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish taklifi kiritilgan. Hozirda hujjatning tartibi va tafsilotlari muhokama qilinmoqda, yakuniy bosqichga yaqinlashgan.
“Faqatgina aniq tartibni belgilab beradigan ayrim tafsilotlar qoldi: QQSni qaytarish foizi, qiymatning qaysi qismiga, qaysi uylarga nisbatan qo‘llanishi va aynan qachon — qabul qilish-topshirish dalolatnomasi deb ataladigan xavfsizlik talablariga muvofiqlik to‘g‘risidagi xulosa olingandan keyinmi yoki to‘lov amalga oshirilgan vaqtdami, degan masala qolgan. Bu jihatlar muhokama bosqichida. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda ushbu keshbekka oid hujjatlar e‘lon qilinadi”, — dedi Abdiyev.
Spot muxbirining qaytarish miqdori haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga javoban Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari foiz stavkasi bo‘yicha hali aniq taklif yo‘qligini, hukumat esa 3−4 ta variantni ko‘rib chiqayotganini ta‘kidladi.
Uning aytishicha, QQS qaytarilishi, odatda, 3−6% ni tashkil etadigan samarali foiz stavkasiga yaqin miqdordan kelib chiqib hisoblanadi. “Ammo bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmadi”, — deya ta‘kidladi mansabdor shaxs.

2025-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha birinchi navbatdagi choralar qatorida fuqarolar tomonidan qurilish tashkilotlaridan yangi ko‘p qavatli uylardagi turar va noturar joylarni banklar orqali sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining bir qismini keshbek sifatida qaytarish ko‘zda tutilgan.
2026-yil 1-fevralga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga uy-joy xaridida keshbek joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilgan edi.
O‘tgan yozda Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov fuqarolarga uy-joy sotib olishda soliq keshbekini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma‘lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10% ga yaqini QQS bilan, qolgan 90%i esa QQSsiz sotib olinmoqda.
“Jismoniy shaxslar uchun 4−5% lik [soliq] keshbekini joriy etish haqida o‘y-fikrlar bor, shunda ular quruvchiga murojaat qilib, [oldi-sotdi bitimi summasidan] 5−6% miqdorida keshbek olish uchun hisobvaraq-fakturani talab qilishadi. Balki bu [qurilishdagi yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq] vaziyatni o‘zgartirishga yordam berar?”, — deya savol bilan yuzlandi u.
2026-yil 1-apreldan boshlab qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari hamda to‘lov servislar orqali qabul qilinishi shart. Shuningdek, ko‘chmas mulk xaridi ham faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
Avvalroq joriy yilning 1-aprelidan boshlab ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdi jarayonlari eskrou-hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.