O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) mamlakatlari bilan savdoni kengaytirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Chimkentda bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Aripov savdo to‘siqlarini bartaraf etishni asosiy vazifa sifatida alohida ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga texnik tartibga solish, fitosanitariya va veterinariya nazorati borasidagi yondashuvlarni yaqinlashtirish hamda ortiqcha tartib-taomillarni bekor qilish yordam beradi.

“Biz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilarning arizalarini ko‘rib chiqishni tezlashtirish tarafdorimiz”, — dedi bosh vazir.

Shuningdek, u O‘zbekiston va YOIIning tarif va notarif to‘siqlari bo‘yicha qo‘shma muvofiqlashtiruvchi guruhining faoliyatini yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Guruh “yuzaga keladigan masalalarni” tezkorlik bilan ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, Aripov sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini qayd etdi. O‘zbekiston mahsulotlarni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun ularning rivojiga alohida ahamiyat qaratayotganini u ta‘kidlab o‘tdi.

Bosh vazir mashinasozlik, energetika, kimyo sanoati va agrosanoat majmuasi kabi sohalarda ustuvor kooperatsiya loyihalari ro‘yxatini tuzish taklifini ilgari surdi.

Aripov raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yana bir muhim yo‘nalish deb atadi. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YIK) bilan birgalikda onlayn xizmatlarni, jumladan elektron tijorat va raqamli markirovkani o‘zaro muvofiqlashtirish uchun “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishni tezlashtirishni taklif qilmoqda.

Bojxona ma‘muriyatchiligini raqamlashtirish va “uzluksiz” yuk tashishni joriy etish muhimligi alohida ta‘kidlandi. Qolaversa, Aripov O‘zbekistonning YOII texnologik platformalariga biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika sohalarida ulanishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Savdo to‘siqlari

17-yanvar kuni O‘zbekiston elchilari va biznes vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda eksportchilar Rossiyaga oziq-ovqat yetkazib berishdagi notarif to‘siqlardan shikoyat qilgandi. Sut mahsulotlari, kolbasa mahsulotlari va boshqa tovarlar ishlab chiqaruvchi firmalar vakillari Rosselxoznadzor reyestriga kiritilishdagi muammolar haqida so‘zlab berishdi.

“Biz [Rossiya kompaniyalariga nisbatan] „ko‘zgu“ choralarini talab qilmayapmiz, biz sog‘lom raqobatni istaymiz, faqat bizni [Rossiya bozoriga] kiritishsin. Import qayerdan kelayotgani haqidagi bojxona statistikasini ko‘rib turibmiz. Hatto katta hajmda ham yetkazib berishga tayyormiz”, — degan edi tadbirkor.

O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov Rosselxoznadzor nafaqat muzqaymoq, balki sariyog‘ kabi ko‘plab mahsulotlarning ham bozorga kirishini cheklayotganini qayd etdi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev elchi Botirjon Asadovga Rossiyaga mahsulotlar eksporti bilan bog‘liq muammolar bilan shug‘ullanishni topshirdi.

29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Texnopark direktori Sarvar Ahadov ham Rossiya tomonidan qo‘llanilayotgan tarif va notarif to‘siqlari mavzusiga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eskirgan liftlar soni ko‘pligiga qaramay, Rossiya hukumati renovatsiya dasturlarida faqat YOIIga a‘zo mamlakatlar kompaniyalarining ishtirok etishiga ruxsat bermoqda.

“Bilasizmi, ular har safar bu masalani ko‘targanimda nima deyishadi? Boshqalar ham eshitsin. Har safar bu masalani ko‘targanimda, ular: „Albatta qilamiz, sizlar ham YOIIga kiringlar“ deb javob berishadi”, — degandi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev.

Ahadov hukumatdan elektrotexnika mahsulotlarining Rossiya bozoriga kirishi masalasini hal qilishni so‘rab, chekka hududlardan birida tajriba loyihasini ishga tushirishni taklif qildi. Bunga javoban Xodjayev O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi kotibi Shamsiddin Abdullayevga gubernatorlar bilan muzokaralar o‘tkazishni topshirdi.

Spot, avvalroq, Rossiya O‘zbekistondagi kichik AES loyihasidan nima olishi haqida yozgandi.