Avvalroq Markaziy bank tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.

Hujjat operatsiya shubhali yoki gumonli deb topilishi mumkin bo‘lgan belgilar ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutadi. Gap, birinchi navbatda, muayyan holatlarda, ayniqsa voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yirik miqdorli tranzaksiyalar haqida bormoqda.

16 yoshga to‘lmagan jismoniy shaxsning hisobvaraqlaridan ikki ish kuni mobaynida BHMning 40 baravaridan (16,48 mln so‘m) ortiq summadagi pul mablag‘larini kirim yoki chiqim qilish yoxud yechib olish bilan bog‘liq operatsiyalarning amalga oshirilishi shubhali deb hisoblanadi.

Regulyator o‘zining izohida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar moliyaviy qarorlar qabul qilishda to‘liq huquqqa ega emasligi va odatda katta miqdordagi pul mablag‘lariga ega bo‘lmasligini qayd etgan. Ularning hisobvaraqlaridagi katta hajmdagi pul harakati mablag‘lardan uchinchi shaxslar foydalanganini yoki ularning noqonuniy faoliyatga jalb etilganini anglatishi mumkin.

“Gumonli” operatsiyalar qatoriga FATFning kuchaytirilgan monitoringidagi mamlakatlardan BHMning 1000 baravaridan (412 mln so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ qabul qilish yoki bunday summalarni ushbu davlatlarga jo‘natishni kiritish taklif etilmoqda. Ushbu mezon bir martalik tranzaksiyani ham, 30 kun ichida amalga oshirilgan bir nechta o‘tkazmani ham o‘z ichiga oladi.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlaridan tovarlar importi uchun xorijiy valyutada to‘lovni nazarda tutuvchi shartnoma predmetini xizmat ko‘rsatish yoki xizmatlar orqali debitorlik qarzini so‘ndirishga o‘zgartirish normasi qayta ko‘rib chiqiladi. Hozirda operatsiyani gumonli deb topish uchun shartnoma qiymati kamida BHMning 20 ming baravarini (8,24 mlrd so‘m) tashkil etishi kerak.

Yangi tahrirda chegara miqdorini BHMning 3 ming baravarigacha (1,236 mlrd so‘m) pasaytirish, shuningdek, 30 kun ichida umumiy summasi limitdan oshadigan debitorlik qarzini bir necha marta so‘ndirish holatlarini ham qamrab olish taklif qilinmoqda.

Karta yoki elektron hamyonga bir martada yoxud 30 kun ichida BHMning 1000 baravaridan (412 mln so‘m) ortiq mablag‘ kelib tushishi mezonida istisno ko‘zda tutilgan. Bu istisno yangi tartibga muvofiq ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarga taalluqlidir.

Kuchaytirilgan e‘tiborni talab qiladigan yuqori riskli mijozlar va operatsiyalar mezonlari ham o‘zgaradi. Ta‘sischisi nominal shaxs bo‘lgan yuridik shaxslar yuqori riskli mijozlar deb hisoblanadi, bunda O‘zbekistonda JSHSHIR olgan xorijliklar ro‘yxatdan chiqariladi.

Jismoniy shaxslarning hisobvaraqlariga bir martada yoki 30 kun ichida BHMning 2500 baravari (1,03 mlrd so‘m) va undan ko‘p miqdorda naqd pul kirim qilish operatsiyalari yuqori riskli deb topiladi.

Gumonli operatsiya aniqlangan taqdirda, tijorat banklari o‘z imkoniyatlari doirasida quyidagilarni amalga oshirishi shart:

  • operatsiya ishtirokchilari to‘g‘risida maʼlumotlarni olish va tahlil qilish;
  • operatsiya tafsilotlarini aniqlashtirish uchun qo‘shimcha maʼlumot to‘plash;
  • ochiq manbalar, shu jumladan yangiliklar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa axborot resurslaridan foydalangan holda operatsiya ishtirokchilarining ishchanlik obro‘sini o‘rganish;
  • pul mablag‘larining kelib chiqish manbalari, operatsiya tuzilishi, operatsiya ishtirokchilarining geografik joylashuvi, operatsiya vaqti va hajmini tahlil qilish;
  • operatsiyaning mijoz odatiy xo‘jalik faoliyati va moliyaviy profiliga muvofiqligini, oldin amalga oshirilgan operatsiyalarni hisobga olgan holda baholash;
  • operatsiya ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni tahlil qilish, affillanganlik, nazorat ostida bo‘lish yoki boshqa o‘zaro nazorat shakllarini aniqlash, shuningdek benefitsiar mulkdorni, mablag‘lar kelib chiqish manbasini yoki operatsiyaning haqiqiy maqsadini yashirishga qaratilgan murakkab yoki ko‘p bosqichli tranzaksiya zanjirlarini o‘rganish.

Spot, avvalroq, kredit va mikroqarzlar reklamasida ogohlantirish joriy etilishi haqida yozgandi.