O‘zbekistonda bir kishiga 20 ta bank kartasiga egalik qilish bo‘yicha cheklov qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda 27-mart kuni Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev media-muloqotda ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosarining taxminicha, 20 va undan ortiq kartaga ega odamlarni “barmoq bilan sanasa bo‘ladi”. Uning fikricha, fuqarolar 10 tadan ortiq kartaga ega bo‘lgach, ularni adashtira boshlaydi.
Agar biror kishi kechayu kunduz, uyqusiz, yarim stavkada ishlasa, u banklar bilan tuzilgan ish haqi loyihalari doirasida 6 ta turli tashkilotda ishlab, 6 ta karta ochishi mumkin. Bunga boshqa ehtiyojlar uchun ishlatiladigan yana oltita karta qo‘shilsa ham, jami 12 ta bo‘ladi.
“Agar 20 ta karta cheklovi shunchalik savol tug‘dirayotgan bo‘lsa, mana mutaxassislar o‘tiribdi, ular bilan yana bir chiqib, bu cheklovlarni ko‘rib chiqamiz”, — dedi Nodirbek Saydullayev.
2025-yilda vaqtinchalik tartib amal qilgan bo‘lib, unga ko‘ra bir kishiga, jumladan, virtual va kobeyjing kartalar uchun ham 20 ta limit belgilangan edi. Ulardan 5 tasini bitta bankda ochishga ruxsat berilgan. Cheklovlar xorijiy valyutada ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Vaqtinchalik tartib 2025-yil 31-dekabrda yakunlanishi kerak edi.
O‘tgan sentabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bir mijozning bank kartalari soniga qo‘yilgan limitni qayta ko‘rib chiqish rejalari haqida ma‘lum qilgandi.
“Joriy yil boshidan [bank kartalarini ochish bo‘yicha] cheklovlar o‘rnatilgandi. Hozirda biz komplayns tizimini kuchaytirish hisobiga cheklovlarni o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqyapmiz”, — degan edi u.
Bank kartalarini ochish bo‘yicha vaqtinchalik tartibdan ko‘zlangan maqsad ma‘lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronlashtirish orqali kartalar bilan bog‘liq firibgarlik holatlarining oldini olish deb aytilgan edi.
Spot ma‘lumotlariga ko‘ra, regulyator bank kartalari soniga qo‘yilgan cheklovni yana bir yilga uzaytirgan. Biroq Markaziy bank vaziyat yuzasidan izoh bermagan.
Avvalroq O‘zbekistonda P2P-o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish bo‘yicha talab bekor qilingani haqida xabar berilgandi.