Polshada logistika, xizmat ko‘rsatish, sanoat va qurilish sohalari uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Dunyo axborot agentligi xabariga ko‘ra, polyak kompaniyalari jami 3,6 ming nafardan ortiq xodimga ehtiyoj bildirgan.

Ma‘lum qilinishicha, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan mamlakat mehnat resurslari salohiyatini targ‘ib qilish hamda polyak kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Unda Grupa Progres, Gremi Personal, Personnel International kabi 20 dan ortiq yirik rekruting va ish beruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida ish beruvchilar o‘z ehtiyojlarini ma‘lum qildi. Xususan, logistika uchun 2000 nafar, xizmat ko‘rsatish sohasiga 800 nafar, sanoatga 600 nafar va qurilishga 200 nafar xodim jalb etish rejalashtirilmoqda.

PRF Work boshqaruvi raisi Pyotr Fonfara kompaniya va uning mijozlari O‘zbekistondan xodimlar jalb qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Polsha tadbirkorlar va ish beruvchilar ittifoqi departamenti rahbari o‘rinbosari Yuliya Kovalchuk esa mamlakat iqtisodiyoti doimiy ishchi kuchiga muhtojligini, O‘zbekiston bu borada ishonchli hamkor bo‘lishi mumkinligini ta‘kidladi.

Gremi Personal vakili Anastasiya Juk o‘zbekistonlik mutaxassislarga talab yuqori ekanini qayd etib, viza tartiblarini soddalashtirish muhimligini urg‘uladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda akkreditatsiyadan o‘tgan bandlik tashkilotlari ishtirokida B2B formatidagi qo‘shimcha muzokaralarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Italiyada agrar sohada mavsumiy ishga yuborilishi haqida xabar berilgandi.