Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi avtomobillar va avtoehtiyot qismlar bozorida raqamli tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qo‘mitaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni taʼminla boshqarmasi boshlig‘i Alisher Do‘stmuhamedov hamda Bojxona auditi boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Isamurodov savdo majmuasiga tashrif buyurdi. Ular bozor rahbariyati bilan uni boshqarish bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish istiqbollarini muhokama qildi.
Qo‘mita tashabbusi bilan Raqamli avtomobil bozori tizimini yaratish va joriy etish bo‘yicha dastlabki texnik topshiriqlar ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, Sergeli avtomobil bozorida Situatsion markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda. Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar tumanda xavfsiz muhit yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan.
19-yanvar kuni Sergeli tumanida xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha bojxona va soliq idoralari, ichki ishlar organlari, prokuratura va hokimlik ishtirokida maxsus shtab tuzildi. 155 nafar bojxona idorasi xodimi tumanda jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen omillarni aniqlash bo‘yicha ishchi guruhlar tarkibiga kiritildi.
Ta‘kidlanishicha, shtab prezidentning yanvar oyidagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta‘minlash maqsadida tashkil etilgan.
Shtab tashkil etilganidan buyon Bojxona qo‘mitasining yuqori mansabdor xodimlari Sergeli avtomobil bozoriga to‘rt marta tashrif buyurdi. Xususan, 4-fevral kuni savdo majmuasiga qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov tashrif buyurdi.

Tashrif davomida avtomobil bozorida IIV, bojxona, soliq idoralari, Majburiy ijro byurosi va boshqa muassasalar xodimlari ishtirokida Vaziyatlar markazi tashkil etilishi e‘lon qilindi. Avtotransport vositalarining bozorga kirishi hamda fuqarolarning kirib-chiqishi ustidan nazoratni avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda.
Davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan avtomobillar uchun alohida kirish yo‘lagi tashkil etiladi. Shuningdek, import qilingan avtoehtiyot qismlarni sotishda QQS zanjirlari ustidan nazoratni takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, bozordagi videokuzatuv tizimi faoliyatini yaxshilash vazifasi qo‘yilmoqda. Ishning yana bir yo‘nalishi yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tashvish tugmalarini o‘rnatishdan iborat bo‘ladi.
Bojxona xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda bozorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bir qator takliflarni ilgari surdi. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:
- chet el valyutasidagi savdo tartibini qayta ko‘rib chiqish;
- tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va huquqiy maslahatlar berish uchun maxsus shtab tashkil etish;
- aylanmasi 5 mlrd so‘mdan oshganda umumiy soliqqa tortish tizimiga o‘tgan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun aylanmadan kelib chiqib, bosqichma-bosqich soliq stavkalarini joriy etish;
- avtomobil savdosida soliq bazasini aniqlashda dastlabki xarajatlarni inobatga olish.
Spot, avvalroq, Bojxona nazorati jarayonlarini rasmiylashtirish tartibi yangilangani haqida yozgandi.