O‘zbekistonda bolalar va yoshlar intenetdagi zararli kontentdan himoya qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov AQSHda Kanadaning Netsweeper kompaniyasi bosh texnik direktori Lou Erdely bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonda internet makonida xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yechimlarni joriy etish, ayniqsa, bolalar va yoshlarni zararli kontentdan himoya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, maktablar va oliy ta‘lim muassasalarida yoshlar uchun mos kontentni filtrlash tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Sun‘iy intellekt asosida kontentni tasniflash va xavfli axborot oqimlarini erta aniqlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari uchun tarmoq darajasida kontentni boshqarish bo‘yicha texnik yechimlar muhokama qilindi.
Bunda amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni ta‘minlash hamda foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tizimlarning shaffof ishlashi, xavfsizlik standartlariga mosligi hamda joriy etish jarayonida tashkilotlar va operatorlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarining ahamiyati alohida ta‘kidlandi.
Bundan tashqari, raqamli savodxonlik va kiber madaniyatni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida onlayn xavfsizlikni targ‘ib qilish, amaliy treninglar va ta‘lim dasturlarini tashkil etish yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar internet makonidan mas‘uliyatli va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga e‘tibor qaratdi.
2025-yilning yanvarida Shveysariya raqamli savodxonlikni o‘rganish uchun O‘zbekistonga 2 mlrd so‘m ajratishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, 2026-yilda O‘zbekistonda sun‘iy yo‘ldosh interneti ishga tushirilishi haqida yozgandi.