Kredit-axborot tahliliy markazi Kredit-xabarnoma xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, yangi xizmat orqali fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan har qanday kredit haqida darhol SMS va KATM mobil ilovasi orqali push-xabarnoma oladi. Bu esa noqonuniy yoki shaxs roziligisiz rasmiylashtirilgan kreditlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.
Xizmat foydalanuvchilarga kredit tarixini doimiy nazorat qilib borish imkonini ham yaratadi. Uni ulash uchun KATM mobil ilovasidagi Qo‘shimcha xizmatlar bo‘limi orqali Kredit-xabarnoma xizmatini faollashtirish kerak. Bunda SMS xabarnoma xizmati oldindan yoqilgan bo‘lishi lozim.
To‘lov ilova orqali elektron to‘lov tizimlari yordamida amalga oshiriladi. Xizmat narxi yiliga 4 614,40 so‘mni (QQS bilan) tashkil etadi va to‘lovdan so‘ng avtomatik tarzda faollashadi.
Markaziy bank tavsiyasiga ko‘ra, agar kredit haqida xabarnoma fuqaro tomonidan olinmagan bo‘lsa, avvalo KATM ilovasi orqali kredit tarixini tekshirish zarur.
Shuningdek, Kreditga taqiq xizmatini yoqib, kredit rasmiylashtirilgan tashkilot hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Fevral oyida KATM mobil ilovasida foydalanuvchilar uchun “Ishonchli kafil”, “Kimga kafilman” hamda “Muddati o‘tgan to‘lovlar” xizmatlari joriy etilgan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda mikroqarz stavkalari pasaygani, avtokreditlar qimmatlashgani haqida yozgandi.