Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlar zamonaviy kasblarga o‘qitiladi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Raqamli texnologiyalar vazirligi.
Hujjat bilan jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan 18−30 yoshdagi mahkumlar zamonaviy kasblarga o‘qitiladi.
Bu borada Ikkinchi imkon — ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha dastlab 2026-yil 1-iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida yo‘lga qo‘yiladi.
2027-yil 1-martdan esa tizim respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etilib, yosh mahkumlar zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitiladi. Bunda o‘quv kurslari 8−12 oylik intensiv o‘quv dasturlari asosida jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladi.
O‘quv kurslariga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan jazoni o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi. Biroq bundan axborot texnologiyalari yordamida jinoyat sodir etgan shaxslar mustasno bo‘ladi.
Zamonaviy raqamli kasblar bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilinganlar xorijiy tillarni (ingliz, rus, xitoy va boshqalar)o‘rganish bo‘yicha yagona intensiv dasturlar bo‘yicha ham o‘qitiladi.
O‘quv kurslari jazoni o‘tayotgan yoshlarning qiziqishlari va iste‘dodidan kelib chiqqan holda guruhlarda tashkil etiladi.
Jazoni o‘tayotgan yoshlarning qiziqishlari va iste‘dodi ishchi guruhning o‘rganishlari natijasida aniqlanadi.
O‘quv kurslari yakuni bo‘yicha tegishli dasturlarni o‘zlashtirgan jazoni o‘tayotgan yoshlarga elektron shakldagi sertifikatlar beriladi.
Fevral oyida prezidentning yoshlar bilan muloqotida jazoni ijro etish muassasalarida yoshlar uchun IT va tillar bo‘yicha intensiv kurslar yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlangandi.
Avvalroq texnikum o‘quvchilari Work and Travel dasturi asosida 6 oyga xorijga yuborilishi haqida xabar berilgandi.