O‘zbekiston 2026-yilda sunʼiy yo‘ldosh internetini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripov Chimkentda bo‘lib o‘tgan Digital Qazaqstan 2026 xalqaro forumida taʼkidladi.
Taʼkidlanishicha, oxirgi to‘qqiz yilda O‘zbekiston tarmoqqa ulanishni ta‘minlashda ulkan yutuqqa erishib, raqamli tengsizlik masalasini deyarli to‘liq hal qildi.
Endi asosiy e‘tibor sun‘iy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish orqali borish qiyin bo‘lgan hududlarga qaratilmoqda. Aripov mamlakatda keng polosali internet qamrovi allaqachon 41% dan 99,5% gacha oshganini bildirdi.
“Biz borish qiyin bo‘lgan hududlarni ulash vazifasini hal etyapmiz — joriy yilning o‘zidayoq sun‘iy yo‘ldosh internetini sinov tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, uning operatorlari uchun soliq imtiyozlari paketi shakllantirilgan”, — dedi O‘zbekiston Bosh vaziri.
Sun‘iy yo‘ldosh interneti
2025-yilning 16-oktabr kuni prezident kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish rejalashtirilgan. Spot Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatiga sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha murojaat qildi. Biroq vazirlikdagilar izoh berishdan bosh tortdi.
Bundan oldin O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha Amazon kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishgandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Service o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
O‘tgan yilning martida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan telekommunikatsiya sohasidagi ikkita strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi. Ikkala kelishuv ham Yevropaning Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) ga kiritilgan.
Oktyabrda prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2026-yildan sun‘iy yo‘ldosh interneti ishga tushirilishi aytilgandi. Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi taʼkidlangan edi.