Markaziy bank bank hisobvaraqlari o‘rtasida pul o‘tkazmalarining yangi usulini ishga tushirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu xizmat prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi tegishli farmoni (PF-246-son) doirasida Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi tomonidan yaratilgan texnik infratuzilma asosida amalga oshirilgan.
Account-to-Account (A2A) formatidagi xizmat banklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan. U jismoniy shaxslar o‘rtasida bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beradi.
A2A xizmatining P2P (Peer-to-Peer) dan farqi shundaki, P2P-o‘tkazmalarida pul karta raqami orqali yuborilsa, A2A'da mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri bank hisobvaraqlari o‘rtasida amalga oshiriladi.
“Asosiysi — bu boshqa karta emas va alohida yangi karta ochish talab etilmaydi. Bu mavjud bank ilovangizda tanlanadigan o‘tkazma usuli bo‘lib, pul o‘tkazishda xizmat turini tanlash orqali amalga oshiriladi. Bu — pul o‘tkazishning yangi usulidir”, — deyiladi xabarda.
Har bir fuqaro karta rasmiylashtirganda, karta bankdagi aynan shu hisob raqami asosida ochiladi. Markaziy bankda qayd etilishicha, bugungi kunda A2A xizmat turi barcha banklarga texnik jihatdan taqdim etilgan.
Shuningdek, amaldagi barcha o‘tkazma xizmatlari saqlanib qoladi. Ushbu xizmat esa qo‘shimcha imkoniyat bo‘lib, fuqarolarga pul o‘tkazishda tanlov imkoniyatini kengaytiradi.
Komissiyalar banklar tomonidan o‘zlarining ichki tarif siyosatiga muvofiq mustaqil ravishda belgilanadi. Uning miqdori tanlangan bank va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin.
Markaziy bank bozor iqtisodiyoti sharoitida regulyator sifatida komissiyalarni belgilash jarayoniga aralashmasligini bildirdi. Shuningdek, ABM to‘lov xizmatlarini ko‘rsatmagani va mijozlar bilan ishlamagani sababli komissiyalarni belgilashda ishtirok etmaydi.
Shu tufayli fuqarolarga banklar tomonidan taqdim etilgan tariflar va komissiyalar bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etildi. “Turli banklar shartlarini solishtirish orqali o‘z ehtiyoj va afzalliklaringizdan kelib chiqib eng maqbul moliyaviy xizmatlarni tanlash, shuningdek muqobil variantlarni baholash imkonini beradi”, — deya xulosa qilingan xabarda.
2025-yil noyabr oyida prezident 2026-yil 1-fevralgacha jismoniy shaxslar uchun Tezkor to‘lovlar tizimida real vaqt rejimida o‘z bank hisobvaraqlari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda P2P-o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish bo‘yicha talab bekor qilingani haqida yozgandi.