Avvalroq prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan Toza havo loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab qurilish obyektlari uchun qator yangi ekologik talablar joriy etiladi.

Xususan, qurilish maydonlari fon monitoring stansiyalari bilan jihozlanib, Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, qurilish hududi va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatilib, jarayonlar masofadan turib nazorat qilinadi.

Qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan qurilish tashkilotlarining Shaffof qurilish milliy axborot tizimidagi reyting ballari kamaytiriladi.

Bundan tashqari, loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish majburiy etib belgilanadi.

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar loyihalarida ko‘kalamzorlashtirish maydoni ajratilgan yer uchastkasining kamida 30% ini tashkil etishi shart bo‘ladi.

O‘tgan yilning noyabrida prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qurilishlarda foydalaniladigan energiya tejamkor va ekologik mahsulotlarning ulushi oshirilishi aytilgandi.

Dekabr oyida esa Toshkentda havoni zararlagani uchun 4 ta qurilish to‘xtatilib, 41 kishi javobgarlikka tortilgan edi.

Mart oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qurilish sohasida ekologik talablar kuchaytirilishi taʼkidlangandi.

Xususan, yangi quriladigan yirik obyektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.

Shuningdek, “shamol yo‘laklari"ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etilgandi.

Spot, avvalroq, davlat xizmatchilariga oyda ikki kun xizmat mashinasidan foydalanish taqiqlanishi haqida yozgandi.