Prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan Toza havo loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2026−2030-yillarda atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,5% ga kamaytiriladi.

Atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi taʼminlanadi.

PM2,5 bo‘yicha milliy meʼyorlardan oshish kuzatilgan kunlar soni kamaytiriladi.

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027-yil 1-martgacha uzaytiriladi.

Komissiyaning nomi Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga o‘zgartiriladi.

2026-yil 1-apreldan Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.

O‘tgan yilning noyabrida atmosfera havosining yomonlashishi natijasida prezident farmoni bilan Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida maxsus komissiya tuzilgandi.

Dekabr oyida esa Toshkent va uning atrofida atmosferaga zarar yetkazgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatilgandi.

Spot, avvalroq, 1-oktabrdan Toshkent va tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanishi haqida yozgandi.