Avvalroq O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish bo‘yicha qonun qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, Markaziy bankda 5 nafar aʼzodan iborat bo‘lgan Markaziy bankning islomiy moliya kengashi tashkil etiladi.
Islomiy moliya faoliyati doirasida jami daromadlar tarkibiga turli tushumlar kiritiladi. Bunga islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha mukofot tarzidagi daromadlar kiradi.
Shuningdek, islomiy sug‘urta va qayta sug‘urta tashkilotlarining sug‘urta hamda qayta sug‘urta shartnomalari bo‘yicha daromadlari ham shu tarkibga kiritiladi.
Qonun bilan QQSdan ozod qilinadigan operatsiyalar ro‘yxati belgilab berildi. Jumladan, islomiy qimmatli qog‘ozlar — sertifikatlar bilan bog‘liq operatsiyalar mazkur soliq turidan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, islomiy moliya faoliyati doirasida bank va mikromoliya tashkilotlari tomonidan ishonchli boshqaruv shartnomalari asosida ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar ham soliqdan ozod etiladi.
Mol-mulkni islomiy ijara asosida berishda ijara to‘lovlari summasi bilan sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq ham QQSga tortilmaydi.
Bundan tashqari, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama ham soliqdan ozod qilinadi.
Islomiy ijara asosida ko‘chmas mulk beruvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari mol-mulk solig‘i to‘lovchilari deb e‘tirof etiladi.
Spot, avvalroq, 2026-yilda kamida bitta bankda islomiy “darcha” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.