Rossiya 1-apreldan “narxlarni barqarorlashtirish va ichki bozorni ustuvor ta’minlash” maqsadida benzin eksportini taqiqlaydi.

27-mart kuni Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Energetika vazirligiga tegishli qaror loyihasini tayyorlashni topshirdi.

“Bosh vazir o‘rinbosari Yaqin Sharqdagi inqiroz tufayli jahon neft va neft mahsulotlari bozoridagi notinchlik narxlarning sezilarli tebranishiga olib kelayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, tashqi bozorlarda Rossiya energiya resurslariga bo‘lgan talabning yuqoriligi ijobiy omil bo‘lib qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

benzin, eksport, rossiya

Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda taqiqning amal qilish muddati muhokama qilinmagan. Biroq, TACC nashri cheklov 31 iyulgacha joriy etilishi va bozorning barcha ishtirokchilariga, jumladan, yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilar va ishlab chiqarmaydiganlarga (treyderlarga) ta’sir qilishini yozdi.

Mart oyi boshidan beri Peterburg birjasida AI-92 va AI-95 benzinining narxi 11% ga oshdi, deb yozadi RBC.

Bundan tashqari, taqiq uchun nafaqat Yaqin Sharqdagi mojaro, balki neft eksport qilinadigan Leningrad viloyatining Ust-Luga va Primorsk portlariga dronlarining hujumlari ham sabab bo‘lishi mumkin.

2025-yil iyul oyida Rossiya hukumati benzin eksportiga to‘liq taqiq joriy qildi. Keyin embargo bir necha bor uzaytirildi, ammo yanvar oyi oxirida yirik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilar uchun taqiq olib tashlandi.

Energetika vazirligi o‘sha paytda Spot’ga Rossiya hukumati tomonidan joriy etilgan benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilgandi. Vazirlik cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga tegishli emasligini ta’kidladi.

10 mart kuni AI-92 benzini narxi 7,4 foizga oshib, bir tonna uchun 12,72 mln so‘mdan oshdi. Shu bilan birga, yoqilg‘i sotish hajmi ikki baravardan ko‘proqqa — 3784 tonnadan 1835 tonnagacha kamaydi.

O‘shandan beri birja kotirovkalari o‘sishda, sotuvlar esa pasayishda davom etdi: 26 mart holatiga ko‘ra, AI-92 benzini narxi bir tonna uchun 12,89 million so‘mdan oshdi, sotuv hajmi esa 1348 tonnani tashkil etdi.


Avvalroq Spot benzin sifati bo‘yicha shubha bo‘lsa qayerga murojaat qilish kerakligi haqida yozgandi.