Joriy yilning 1-aprelidan boshlab O‘zbekistonda yirik bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarning yangi qoidalari kuchga kiradi.

Endi ayrim to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bunga quyidagilar kiradi:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari;
  • yoqilg‘i quyish shoxobchalarida neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;
  • qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
  • ko‘chmas mulk obyektlari, chiqqaniga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Mart oyida Adliya vazirligi ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirishga qaratilgan nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi tartibga ko‘ra, to‘lovlar eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Xaridor mablag‘ni bankdagi ushbu hisobga joylashtiradi, notarius esa mablag‘ mavjudligini tekshirganidan keyin shartnomani tasdiqlaydi. Shundan so‘ng pul sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Sotuvchi so‘roviga ko‘ra, mablag‘ni naqd shaklda ham olishi mumkin.

Bunday bitimlar uchun undiriladigan komissiya miqdorlari ham belgilangan: ko‘chmas mulk oldi-sotdisi uchun bu BHMning 50%igacha (206 ming so‘mgacha), avtotransport uchun esa BHMning 25%igacha (103 ming so‘mgacha) ni tashkil etadi.

Mazkur tariflar faqat davlat ulushi mavjud bo‘lgan 9 ta bank — Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Xalq banki, O‘zmilliybank, Turonbank va O‘zsanoatqurilishbank'da amal qiladi. Boshqa tijorat banklarida esa tariflar mustaqil belgilanadi.

Agar xaridor va sotuvchining hisobvaraqlari bitta bankda bo‘lsa — xizmat haqi bir marta undiriladi. Agar ular turli banklarda bo‘lsa, komissiya miqdori banklar o‘rtasida teng taqsimlanadi, ya’ni har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.

Adliya vazirligi yangi tizim firibgarlik holatlarining oldini olish va fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilishga qaratilganini bildirdi.

Bundan tashqari, Spot ushbu o‘zgarishlarni developerlar, rieltorlar va soha mutaxassislari bilan muhokama qilgandi. Ular bozorning yangi qoidalarga qay darajada tayyorligi, narxlarga bo‘ladigan ehtimoliy ta’sir hamda soha uchun asosiy risklarni baholadi.

Shuningdek, Spot aprel oyidan boshlab kuchga kiradigan yangi talablar bo‘yicha soliq maslahatchisi Murod Muhammedjanov bilan suhbatlashdi. U yangi tartib bir tomondan naqdsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilishi mumkinligini, biroq boshqa tomondan ayrim hollarda norasmiy savdolar va qora bozor xavfini ham kuchaytirishi ehtimoli borligini ta’kidladi.


murod muhammedjanov, naqd pulsiz hisob-kitob, naqd pulsiz to‘lovlar, qonunchilik

Murod Muhammedjanov,

UTax Soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari.

Yangi tartib nima uchun zarur?

Yirik tovar va xizmatlar, ko‘chmas mulk hamda transport vositalari savdosida naqd pulsiz hisob-kitoblarni majburiy qilish bir tomondan norasmiy iqtisodiyotni qisqartirishga yordam bersa, ikkinchi tomondan bu qora bozorni qo‘llab-quvvatlaydi.

Chunki yirik hajmdagi savdo bilan shug‘ullanuvchi juda ko‘p tadbirkorlar endi o‘z xaridorlariga “pulni o‘tkazma qilib ber”, “plastigingga tushirib kel” yoki “bankdagi hisob raqamingga qo‘yib kel”, degan so‘zni ishlata olmaydi. Agar shunday deydigan bo‘lsa, uning raqobatchisi chiqib, “ber, o‘zim hal qilib olaman”, deb savdoni naqd pulda bemalol amalga oshirishi, kassaga esa kirim qilmay ham qo‘yishi mumkin.

Oldin tadbirkor 25, 30, 40, 50 mln so‘mlik savdoni amalga oshirib, hammasini kassa apparatida aks ettirib borgan bo‘lsa, ularda endi 25 mln so‘mdan yuqori savdolar uchun kassaga urish mumkin emas, degan tushuncha paydo bo‘lishi mumkin. Natijada 100 mln so‘mlab savdo qiladigan mijozlariga “Qilaver, mayli, kassaga urmay qo‘ya qolaman, boshqa iloji yo‘q”, deydi-da, tovarni berib yuboradi.

Bu esa qora bozorning aynan shu tomonlama juda ham katta shakllanishiga olib keladi.

Biroq, yangi tartibning ijobiy tomoni shundaki, u tekshiruvlar vaqtida yashirin savdolarni aniqlash imkonini oshiradi. Masalan, buxgalteriya hisobida 1 mlrd so‘mlik tovar ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda omborda 300 mln so‘mlik tovar turibdi. Qolgan 700 mln so‘mlik tovar esa mavjud emas.

Oldin bunday holatlarda tadbirkorlar tekshiruv vaqtida tovarni go‘yoki naqd pulga sotilgan deb rasmiylashtirish orqali farqni yopishga uringan. Endi esa milliardlab pullarni bemalol kassaga urib yuborib, “Mana, bo‘ldi, men sotib yuborganman bu tovarlarni”, deb tovarlarni yashira olmaydi.

Lekin o‘tkazilayotgan tekshiruvlar soni qancha-yu, 25 mln so‘mdan ortiq tovar va xizmatlarni taqdim etayotgan tadbirkorlar soni qancha. Aynan koeffitsiyent jihatidan naqdsiz hisob-kitoblarning joriy etilishi faqat tekshiruvchilar uchungina qulay formatga aylanib, qora bozorning oldini olishga xizmat qiladi.

Boshqa hollarda esa yangi tartibning aks ta’sir ko‘rsatish xavfi bor. Sababi har bir so‘m kupyurasida “O‘zbekiston so‘mi respublika hududida hamma to‘lovlar uchun o‘z qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart”, deb yozib qo‘yilgan. Yangi tartib bilan esa milliy valyutaning pullik funksiyasini buzib qo‘yishyapti.

Shuning uchun ham naqd pulsiz hisob-kitoblarning joriy qilinishi qisman ijobiy ta’sir qilsa, juda katta qismida teskari ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Chunki allaqachon juda ko‘p tadbirkorlarimiz “kassaga urmasdan tovarlarni berib yuborishga majbur bo‘lyapman, u yog‘i bir gap bo‘lar”, deyishyapti.

Aholi va biznesga ta’siri qanday?

Naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tish boshlang‘ich bosqichda aholi uchun ham, biznes uchun ham juda katta qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

Bu fuqarolarga turli noqulayliklarni tug‘dirib, qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Chunki, fuqaro qo‘lidagi naqd pulni bank yoki boshqa biron bir to‘lov operatorlari orqali plastik kartasiga o‘tkazaman, desa, tabiiyki, bu tekin emas. Masalan, 25 mln so‘mdan ortiq naqd pulni bank orqali kiritishda 1% komissiya qo‘llansa, kamida 250 ming so‘m xarajat yuzaga keladi.

Natijada, 250 ming so‘m qo‘shimcha xarajat qilmaslik uchun ham yana qochishga to‘g‘ri keladi. Buning ahamiyati juda katta. Bu model aslida faqatgina banklarning daromadini oshirish, ularni boqish uchun ishlab chiqilgan modelga aylanib qolish xavfi ham bor.

Tizim tadbirkorlarga ham noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Bu evolyutsion emas, balki revolyutsion o‘tish bo‘lib qolyapti. Aslida naqdsiz hisob-kitoblarga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak edi. Uning aks ta’sir ko‘rsatish ehtimoli juda katta bo‘ladi.

Narxlarga qanday ta’sir qiladi?

Tizim ishga tushib ketguniga qadar kamida bir yil vaqt kerak bo‘ladi. Birgina ko‘chmas mulk bozoridagi oldi-sotdi jarayonlarining o‘zida ham kelishmovchiliklar uzoq vaqt davom etishi mumkin.

Shuningdek, yangi tartib narxlar oshishiga va odamlarning noroziligiga olib keladi, chunki banklar tekinga xizmat ko‘rsatmaydi va kimdir nimadir sotganligi, kimdir esa sotib olganligi uchun yana pul to‘lashi kerak bo‘ladi.

Naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirishda majburiy choralar emas, balki rag‘batlantirish mexanizmlari samaraliroq bo‘lar edi. Masalan, plastik karta orqali to‘lovlar uchun 2% lik keshbek berilsa, aholi avtomatik ravishda naqd pulini plastik kartasiga tushirib olib boradi. Uy-joy oldi-sotdisida ham xuddi shunday choralarni qo‘llash mumkin.

Har qanday rag‘bat xususiyati bo‘lmas ekan, yangi tizim shunchaki, banklarni boqadigan, ularni semirtiradigan, boylarni esa yanada boyitadigan tizimga aylanib qoladi xolos.