2026-yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz arzonlashdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
O‘tayotgan oyda milliy valyuta dollarga nisbatan 74,14 so‘mga yoki 0,61%ga arzonlashib, 12 210,71 so‘mni tashkil etdi. Oyning birinchi yarmida so‘m mustahkamlandi, kurs esa 12 100 so‘mlik psixologik ko‘rsatkichdan ham pastga tushdi.
Biroq, davrning ikkinchi yarmida milliy valyuta deyarli har bir savdo sessiyasida arzonlashdi. Dollar/so‘m juftligidagi savdolar hajmining eng yuqori cho‘qqisi mart oyining o‘rtalariga to‘g‘ri keldi.
Mart oyi oxirida O‘zbekistondagi barcha tijorat banklarida dollar kursi 12,2 ming so‘mdan yuqoriligicha qolmoqda. Eng qimmat AQSH valyutasini Tenge Bank va Universalbank xarid qilmoqda — 12 160 so‘m, Poytaxt bank, Ipoteka-bank, Asia Alliance Bank va APEX BANK eng qulay sotuv kursini taklif qilmoqda — 12 210 so‘m.

Iqtisodchi, Mirkonomika Telegram-kanali muallifi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, so‘m Quvayt dinori bilan bir qatorda dollarga nisbatan eng kam devalvatsiyaga uchragan valyutalardan biri bo‘lib, ko‘plab rivojlangan mamlakatlar valyutalarini ortda qoldirgan.
2022-yildan boshlab mart oyidagi devalvatsiya 2025-yilni hisobga olmaganda minimal darajada bo‘ldi. Shu bilan birga, kursning o‘zgaruvchanligi fevral oyiga nisbatan pasaydi: o‘rtacha kunlik ko‘rsatkich 0,18% ni tashkil etdi — bu so‘m/dollar kursi bo‘yicha yo‘lak kengaytirilgan 2025-yil may oyidan beri eng past darajadir, deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq Spot fevral oyida so‘mdagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari yana biroz oshgani haqida yozgandi.
Xorijiy valyutadagi depozitlarning daromadliligi yana pasaya boshladi, biznes-segmentda esa so‘nggi oylardagi minimum darajani yangiladi.