O‘zbekiston ketma-ket besh oy davomida oltin sotmayapti, bu Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ladi.
Yanvar-fevral oylarida eksport $3,54 mlrdni tashkil etdi, bu 2025-yilning shu ko‘rsatkichidan 23,4% ga kam. Yetkazib berishning deyarli yarmi xizmatlarga to‘g‘ri keladi ($1,44 mlrd), keyingi o‘rinlarda sanoat mahsulotlari ($643,2 mln) va oziq-ovqat mahsulotlari ($350,7 mln) turadi.
Oltin eksporti to‘xtatib qo‘yilgani sababli savdo balansining salbiy saldosi (eksport va import o‘rtasidagi farq) uch barobarga oshib, o‘tgan yilgi $1,58 mlrddan $4,51 mlrdga yetdi.
Narxlar yuqori bo‘lishiga qaramay (bir unsiya uchun qariyb $5000), 2026-yil boshidan beri oltin eksport qilinmadi. Shu tariqa, O‘zbekiston beshinchi oy ketma-ket qimmatbaho metall sotmayapti. 2025-yilning dastlabki ikki oyida oltin sotuvi $1,73 mlrddan oshgan edi.
O‘zbekiston so‘nggi marta o‘tgan yilning sentabr oyida $1,47 mlrdga oltin sotgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metallarni yetkazib berish yangi mutlaq rekord o‘rnatdi va $9,9 mlrddan oshdi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yilda oltin qazib olishni 2 tonnadan ko‘proqqa oshirdi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2024-yilga nisbatan 2,1% ga o‘sib, 3,09 mln (96,14 tonna) troy unsiyadan 3,16 mln (98,18 tonna) troy unsiya oltinga yetdi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymat jihatidan 135,6 trln so‘mni ($11,3 mlrd) tashkil etdi — bu bir yil avvalgi 93,9 trln so‘mga nisbatan 44,4% ko‘p.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy rekordni yangilab $77 mlrddan oshdi. Zaxiralar bir oyda $2 mlrdga yoki +2,7% ga oshdi, yil boshidan beri esa 16,2% dan ko‘proqqa ko‘paydi. Oltin qiymati ko‘tarilib, $67,7 mlrdga yetdi.
O‘sish asosan oltin narxining oshishi va mamlakat zaxiralaridagi qimmatbaho metall hajmining ortishi hisobiga ta’minlangan.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilning ikki oyida sanoat 7,7% ga oshdi, $8,3 mlrd investitsiya jalb qilingani haqida xabar berilgandi.