2026-yilning 1-aprelidan boshlab Hindistonda qog‘oz shakldagi immigratsiya kartalaridan (DE-kartalar) foydalanish to‘xtatiladi. Bu haqda Uzbekistan Airways xabar berdi.

Endilikda barcha xorijiy fuqarolar mamlakatga kelishdan 72 soat oldin elektron kelish kartasini (e-Arrival Card) oldindan to‘ldirishlari shart.

Kartani Hindiston viza xizmatining rasmiy veb-sayti yoki Su-Swagatam mobil ilovasi orqali onlayn tarzda to‘ldirish mumkin.

Qayd etilishicha, qog‘oz shaklidagi anketalar faqat 2026-yil 31-martgacha amal qiladi.

Aviakompaniya agar yo‘lovchilar Uzbekistan Airways bilan Dehli yoki Mumbayga uchishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, pasport nazoratida kechikishlarning oldini olish uchun kelish elektron kartasini oldindan to‘ldirishni so‘ramoqda.

Ushbu yangiliklarning dolzarbligi mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarning jadal sur’atda o‘sib borayotgani bilan izohlanadi.

Masalan, bugungi kunda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga 20 ga yaqin yo‘lovchi reysi amalga oshirilmoqda.

Uzbekistan Airways va Centrum Air aviakompaniyalari esa Toshkentni Hindistonning Dehli, Mumbay va Goa kabi yirik shaharlari bilan bog‘lab turibdi.


Avvalroq AQSH noqonuniy immigratsiyaga aloqador o‘zbekistonliklarga viza berishni cheklagani haqida xabar berilgandi.

Cheklovlar vizalarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi ikki o‘zbek kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimli mansabdorlariga taalluqli hisoblanadi.