Instagram o‘zining Instagram Plus obunasini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Meta sinovlarni boshlaganini TechCrunch va Engadget nashrlari tasdiqladi.
Nashrlar foydalanuvchilarning skrinshotlariga asoslanib, kompaniya obunani Meksika, Yaponiya va Filippinda sinovdan o‘tkazayotganini taxmin qilmoqda.
Narx hududga qarab farqlanadi: 39 Meksika pesosi, 319 iyena va 65 Filippin pesosi. Bu taxminan $2,2, $2 va $1,07 deganidir

Instagram’ning premium funksiyalari orasida “Hikoyalar"ni post muallifiga bildirmasdan tomosha qilish imkoniyati ham bor.
Shuningdek, obunachilar o‘z “Hikoyalar"ini qancha odam qayta ko‘rganini kuzatishi mumkin, — deya xabar berdi Meta kompaniyasi TechCrunch nashriga yo‘llagan elektron xatida.
Bundan tashqari, foydalanuvchilar “Yaqin do‘stlar” ro‘yxatidan tashqari, hikoyalar uchun cheksiz miqdorda auditoriya ro‘yxatlarini yaratishlari mumkin.
Bu orqali foydalanuvchi kontentni faqat hamma bilan yoki faqat bitta cheklangan guruh bilan ulashish imkoniyatiga ega bo‘lish o‘rniga obunachilarni turli ro‘yxatlarga guruhlash orqali har bir “Hikoya"ni kim ko‘rishini sozlashlari mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, obunachilar o‘z “story"larini yana 24 soatga uzaytirishlari va haftasiga bir martagacha “Storyni ajratib ko‘rsatish” funksiyasini tanlashlari mumkin.
Bu esa uni obunachilar uchun hikoyalar panelida ko‘rinadigan joyga chiqarib, ko‘rinishini oshiradi.
Avvalroq Instagram 8-maydan shaxsiy xabarlarni boshidan oxirigacha shifrlashni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.
Meta vakiliga ko‘ra, shaxsiy xabarlardagi to‘liq shifrlashdan “juda oz odam” foydalangan va funksiyadan foydalanishni xohlovchilar WhatsApp ishlatishlari mumkin.