Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda Namanganda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida katta o‘sish kuzatilib, viloyat ko‘plab yo‘nalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylangani taʼkidlandi. Xususan, sakkiz yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi esa 6 barobarga oshib, 40 trln so‘mga yetgan.
Qayd etilganidek, 2025-yil yakunlari bo‘yicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish surʼati 8,2% ga yetgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trln so‘mni, xizmatlar hajmi 56,3 trln so‘mni tashkil qilgan. Viloyatga $3,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, eksport hajmi $916 mlnga yetgan.
Davlat rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida Namanganda iqtisodiy o‘sish surʼatlarini saqlab qolish va yangi “o‘sish nuqtalari"ni ishga solish muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda viloyat rahbariyati oldiga iqtisodiyotni 9,2% ga, sanoatni 9% ga, xizmatlarni 16,3% ga, qishloq xo‘jaligini 6,8% ga oshirish, turizm eksportini esa 1,7 barobar ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Xorijiy investitsiyalar hajmini $5 mlrdga, eksportni $1,2 mlrdga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Yil yakunigacha ishsizlikni 3,5% ga, kambag‘allikni 2,5% ga tushirish, Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda sunʼiy intellekt asosida hududiy salohiyatni chuqur tahlil qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Norin tumani misolida bu yil investitsiyani ikki karra, sanoatni 10,4% ga va eksportni 35% ga oshirish imkoniyatlari aniqlangani aytildi. Endi ushbu yondashuvni viloyatning barcha tumanlariga tatbiq etish topshirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bugungi sharoitda eng dolzarb masalalardan biri ekani qayd etildi. Shu bois, viloyatda kam samarali 2,5 ming gektar bog‘lar o‘rnida zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil qilish va 8 ming gektar yerni o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali qo‘shimcha daromad manbalari va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Yig‘ilishda yirik investitsiya loyihalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Namangan erkin iqtisodiy zonasining Sabzazor massivida umumiy qiymati $547 mlnlik 15 ta loyihani to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shimcha elektr podstansiyasi qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgacha bu yerda $215 mlnlik 7 ta loyiha ishga tushgan.



Shuningdek, qiymati $20 mln bo‘lgan zamonaviy IT-park binosini barpo etish taklifi bildirildi. Ushbu loyiha axborot texnologiyalari sohasiga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududda raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt, elektron tijorat va startap ekotizimini jadal rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davlatobod tumanini Aqlli shaharga aylantirish, Namangan davlat texnika universitetiga qarashli bo‘sh obyektlar negizida sunʼiy intellekt ilmiy laboratoriyasi va startaplar klubini tashkil etish tashabbuslari ham muhokama qilindi.
Namangan — aqlli shahar yagona raqamli platformasi orqali kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish, ekologik monitoring va transport tizimlarini bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgani aytildi.
Sanoat va tadbirkorlik bo‘yicha qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Chust tumanida quvvati 60 megavatt bo‘lgan yashil energiya loyihasini amalga oshirish uchun 24 gektar yer maydoni ajratish taklifi ilgari surildi.
Chortoq tumanida alkogolsiz salqin ichimliklar, sharbatlar va bolalar ozuqasi ishlab chiqarish korxonasi loyihasi taqdim qilindi.
Qishloq xo‘jaligida ham katta zaxiralar borligi taʼkidlandi. 2026−2027-yillarda yangi intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish tashabbuslari doirasida 3948 gektar maydonda bog‘ va tokzorlar tashkil qilish, 1,3 mln dona ko‘chat ekish, 1,5 ming gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy etish rejalashtirilgan.
Parrandachilik sohasida $50 mlnlik yirik loyiha amalga oshirilishi, uning doirasida 813 mln dona tuxum va 2 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish quvvati yaratilishi maʼlum qilindi. Bu viloyatning tuxumga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq taʼminlash, Markaziy Osiyo va arab davlatlariga $42 mlnlik parranda go‘shti hamda tuxum mahsulotlari eksport qilish imkonini beradi.
Spot, avvalroq, Namanganda qiymati $150 mlnlik Arashan Resort dam olish maskanini qurish ishlari boshlangani haqida yozgandi.


