Avvalroq prezident Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Unda turizmni iqtisodiyotning drayver sohasiga aylantirish masalasi bo‘yicha ham so‘z bordi.

Viloyatni vodiy turizmi markaziga aylantirish maqsadida Pop tumanidagi Arashan ko‘llari atrofida zamonaviy turizm majmuasi, Qamchiq dovonida Qamchiq Mountain Resort xalqaro tog‘ dam olish zonasi, Chodak qishlog‘i Guliston mahallasida turizm markazi va Kosonsoy tumani Olmazor mahallasida yirik turizm maskanini barpo etish taklif qilindi.

Shuningdek, Yangiqo‘rg‘on tumanining Nanay hududida sun‘iy ko‘l loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Namangan shahrining eski qismida milliy me‘morchilik, hunarmandchilik an‘analari va zamonaviy servis uyg‘unlashgan turizm majmuasini tashkil etish taklif qilindi.

Bundan tashqari, Chorsu va Sardoba bozorlari negizida zamonaviy ekobozorlar barpo etish hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilmoqda.

DXSH asosida Namangan shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish, shuningdek, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlari markazlarini ilk bor markazlashgan oqova suv tarmoqlari bilan taʼminlash loyihalari taqdim etildi.

Uychi va Uchqo‘rg‘onda 10 ming kub metrlik yangi oqova suv inshooti, 40 kilometr yangi tarmoq va 28 kilometr taʼmirtalab tarmoqni yangilash orqali 42 ming nafar aholi va 6983 ta xonadon qamrab olinishi belgilangan.

Yangi Namangan shaharchasida qurilish ishlarini jadallashtirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Loyiha doirasida 30 ming yangi ish o‘rni yaratish, 25,2 kilometr yo‘lni taʼmirlash, 7,2 kilometr piyodalar yo‘lakchasini, 4,7 kilometr suv tarmog‘ini va 7,4 kilometr yashil hududni barpo etish nazarda tutilgan.

Namangan shahrida 2026-yilda 15 ming o‘rinli maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil qilish, 21 ta taʼlim muassasasidagi bo‘sh turgan 42 ming kvadrat metr yer maydonlarini DXSH asosida bog‘cha qurish uchun ajratish taklif qilindi.

Sog‘liqni saqlash sohasida travmatologiya va ortopediya markazining Namangan filialini tashkil etish hamda onkologiya markazini zamonaviy PET-tomograf bilan jihozlash tashabbuslari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Bu orqali nafaqat viloyat aholisi, balki qo‘shni hududlardan keluvchi bemorlarga ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengayishi aytildi.

Yig‘ilish yakunida prezident Namangan viloyatida mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish, har bir loyihani aniq natijaga aylantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, eksportbop va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

O‘tgan yilning oktabrida Qamchiq dovonida Avstriyaning Doppelmayr/Garaventa guruhi tomonidan turizm maskani barpo etilishi aytilgandi. Unga ko‘ra, dovonning Namangan viloyatidan o‘tgan qismida zamonaviy dor yo‘li va dam olish majmuasi quriladi.

Mart oyida Namanganda qiymati $150 mlnlik Arashan Resort dam olish maskanini qurish ishlari boshlangandi. Majmua tarkibida 12 ta mehmonxona, etno-park, chang‘i yo‘laklari va ziplayn bo‘ladi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda aprel-iyun oylari ochiq turizm mavsumi bo‘lishi haqida yozgandi.