Rothschild & Co global moliyaviy guruhi O‘zbekistonning eng yirik kompaniyalarini IPOga chiqarishga yordam beradi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

30-mart kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov baronessa Ariel Malar de Rotshild boshchiligidagi Rothschild & Co kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida sheriklikni kengaytirish yakunlari va istiqbollarini muhokama qildilar.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish va IPO o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mamlakatni global moliyaviy tizimga integratsiya qilish uchun eng yirik korxonalarni xalqaro kapital bozorlariga olib chiqish mexanizmlarini batafsil ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuvda korporativ boshqaruv va investitsiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha mahalliy biznes uchun o‘quv seminarlarini tashkil etish taklif qilindi. Bu mahalliy kompaniyalarni xalqaro standartlar va investorlar talablariga moslashtirishga yordam beradi.

Shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi investitsion imijini targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar jahon moliya institutlari bilan aloqalarni mustahkamlash uchun qo‘shma “yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish va maqsadli tadbirlarni o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev “Rothschild & Co” delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muzokaralarda xususiylashtirish bo‘yicha yirik bitimlarni tayyorlash, ommaviy bozorlarga chiqish va yangi investitsiya loyihalari doirasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan formatlari muhokama qilindi.

O‘tgan yilning yanvar oyida Rothschild & Co yil oxirigacha bitta yirik davlat aktivini xususiylashtirishda ishtirok etishi ma’lum bo‘lgan edi.

Rothschild & Co investitsiya banki sohasida ixtisoslashgan yetakchi global moliyaviy guruhdir. 40 ta davlatda ofislarga ega bo‘lgan ushbu firma M&A bitimlari, xususiylashtirish va aksiyadorlik kapitalini jalb qilish bo‘yicha keng tajribaga ega.


Avvalroq Spot Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining 30%gacha qismi IPOga chiqarilishi haqida yozgandi.

Davlat ishtirokidagi korxona va banklardagi kuzatuv kengashlarida mustaqil aʼzolar ulushi 50%ga yetkaziladi.