Migratsiya agentligi va AQSHning USA Farm Labor tashkiloti o‘rtasidagi dastur bo‘yicha dastlabki talabnomalar olindi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, hozirda jarayonlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ish beruvchining maʼlumotiga ko‘ra, ayrim o‘zbekistonlik fuqarolar tomonidan hamkor tashkilot saytlarga yoki tarkibidagi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish holatlari kuzatilmoqda.

Agentlik ish beruvchining talabnomasi asosida tanlov eʼlon qilganidan so‘ng belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tilishini eslatib o‘tdi.

Qayd etilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat natija bermaydi, mustaqil ro‘yxatdan o‘tish esa foydasiz bo‘ladi.

Migratsiya agentligi fuqarolarni vositachilar va pulli “taklif"larga aldanmaslikka chaqirmoqda.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqovga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni topshirgan edi.

Mart oyida Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini AQSHga mavsumiy ishlarga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Dastur ishtirokchilari AQSH fermalari va rancholarida 9−10 oy davomida oyiga taxminan $3500 maosh bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi.


Spot, avvalroq, AQSH vizasi uchun $15 ming to‘laydigan davlatlar soni 50 taga yetgani haqida yozgandi.