O‘zbekistonda aliment qarzdorligini undirish tartibi qat’iylashtiriladi. Bu joriy yilning 30-mart kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan (PF-50-son) belgilangan.

Unga ko‘ra, ayrim ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi. Bu ayrim toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonunda ayrim toifadagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etishdan oldin ularni tegishli davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxsiga topshirish undiruvchining huquqi sifatida belgilanadi.

Shuningdek, ushbu toifaga undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga undiruv qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari ham kiritiladi.

2026-yil 1-maydan aliment undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida yangi cheklovlar joriy etiladi.

Unga ko‘ra, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa, qarz to‘liq bartaraf etilguniga qadar qarzdor ayrim yirik bitimlarni amalga oshira olmaydi hamda ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishi cheklanadi.

Muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi.

13-mart kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aliment majburiyati bo‘lganlar tashkiliy migratsiya asosida xorijda ishlash imkoniyatidan foydalana olmayotgani qayd etilgandi. Buning uchun ular 5 yillik alimentni oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchining yozma roziligini olishi kerak.

Prezident mutasaddilarga ushbu masalani o‘rganib, tegishli takliflar kiritishni topshirdi. Shuningdek, yangi tizim orqali aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish va xorijda ishlash uchun o‘qitish orqali ularning daromadini oshirish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Spot o‘z nomiga ochilgan bank kartasi va SIM-kartalar sonini onlayn tekshirish imkoni yaratilishi haqida yozgandi.