Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent shahrida 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i tashkil qilinmoqda. Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi.
Bu yerdagi Yashil universitet hududida Ilm — loyiha — amaliyot zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi.
Prezident tadbirda ishtirok etayotgan BMTning O‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismoil Belen, forum Kotibiyati direktori Julyet Biao, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpusi vakillari hamda barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir yakunida Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilar bilan birgalikda Milliy dendrologiya bog‘ining ilk 5 gektar maydonida manzarali ko‘chatlar ekdi.





Bu bilan bir vaqtda mamlakatning barcha hududlarida 21 mingga yaqin fuqaro yana 164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqazdi.
23-mart kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etish konsepsiyasi taqdim qilingandi. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt ko‘chati va 100 ming tup buta o‘simliklari ekilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq 2026-yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.




