Shavkat Mirziyoyev Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yili “Men ham ko‘chat ekaman” tashabbusi doirasida 75 mln tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chati ekilgani taʼkidlandi.
O‘tgan hafta imzolagan yangi farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030-yilga qadar umumiy yashillik darajasini 30% ga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish belgilandi.
Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda yashil makon, Sirdaryoda 84 kilometrli yashil devor barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 mln gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi.
Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas‘ul bo‘ladi.
Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir vaqtda hududga mos daraxtni tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyasi ham juda muhim ekani qayd etildi.
Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlarning faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual ta‘lim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi.
Botanika va dendrologiya bog‘lari ushbu texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlari uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.
Prezident hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yana-da kengaytirishni taklif qildi.
Ilgari Mening bog‘im dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 mln so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 mln so‘mdan oshiriladi.
Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin, eng muhimi, suv ta‘minoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.
Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud, yashil bog‘ yaratishi uchun 412 mln so‘mdan mablag‘ beriladi.
23-mart kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilishi aytilgandi. Ular Green University tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.
Avvalroq kambag‘al oilalarga daraxt ekish va parvarishlash uchun subsidiya berilishi haqida xabar berilgandi.