Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgandi. Uning doirasida xalqaro tijorat sudi ham tashkil etiladi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) Tashkent City ishbilarmonlik markazi hududida joylashadi. U Aloqabank, Asakabank (Asaka Tower), O‘zsanoatqurilishbank hamda Bomi Finance Center joylashgan hududda faoliyat yuritadi.
Vaziyatdan xabardor manbaning Spot’ga ma’lum qilishicha, markaz avval sotuvga qo‘yilgan davlat banklari binolari bazasida joylashtiriladi. Bu esa yangi binolar qurish uchun qo‘shimcha xarajatlarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Foto: Toshkent xalqaro moliya markazining joylashuvi. Foto: Spot / Google Earth
TXMM hududidagi binolar markazning boshqaruv organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida ijaraga beriladi. Boshqaruv organlari, o‘z navbatida, ularni markaz ishtirokchilariga ikkilamchi ijaraga beradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha $20−25 mlrd jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1% gacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan bir kun oldin investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqilganini e’lon qilgandi.
“Loyiha ingliz umumiy huquqiga asoslangan alohida huquqiy rejimni joriy etishni, mustaqil xalqaro tijorat sudi va arbitraj tizimini tashkil etishni, shuningdek moliya institutlari faoliyati uchun zamonaviy sharoitlar yaratishni nazarda tutadi. Bunga bank faoliyati, sug‘urta, fintex, raqamli aktivlar, shuningdek islomiy va „yashil“ moliyalashtirish yo‘nalishlari kiradi”, — deb yozdi vazir LinkedIn’dagi sahifasida.
Shuningdek, Kudratov loyiha bo‘yicha izohlarni tifc@miit.uz elektron pochtasiga yuborish yoki ularni LinkedIn’dagi posti ostida qoldirishni taklif qildi.
Asosiy vazifalar
TXMM vazifalari ro‘yxati to‘rtta yo‘nalishni qamrab oladi: investitsiyalarni jalb etish, kapital bozorini rivojlantirish, moliya xizmatlari sohasini rivojlantirish, innovatsiyalar va professional xizmatlar ekotizimini yaratish.
- Investitsiyaviy yo‘nalishda “qulay, shaffof, raqobatbardosh huquqiy va institutsional muhit” yaratilishini ta‘minlash, shuningdek, korxonalarning zamonaviy moliya xizmatlari sohasiga kirib kelishini soddalashtirish rejalashtirilgan.
- Kapital bozori yo‘nalishi uning jahon maydonchalari bilan integratsiyalashuvini, qimmatli qog‘ozlar savdosi sohasini va bozorning boshqa segmentlarini jadal rivojlantirishni nazarda tutadi.
- Moliya xizmatlari sohasidagi vazifalar bank va sug‘urta xizmatlari, islomiy moliya, fintex, elektron tijorat, raqamli va kriptoaktivlar bozorini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
- Shuningdek, moliya, audit, konsalting, yuridik xizmatlar sohasida zamonaviy ekotizim yaratish, xorijiy moliya institutlari ko‘magida tartibga solish va nazorat qilish sohalarida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
Huquq va preferensiyalar
TXMM ishtirokchilari chet el fuqarolarini mehnat faoliyatiga ruxsatnoma olmasdan ishga qabul qila oladi. Ularga shartnomalarga muvofiq pul majburiyatlarini (hisob-kitoblar, ish haqi to‘lash va h.k.) xorijiy valyutalarda yoki kriptoaktivlarda bajarishga ruxsat etiladi.
Markaz xodimlari va ishtirokchilari, shuningdek, ularning oila a‘zolari uchun kirish vizalari maxsus tartibda 5 yilgacha muddatga beriladi.
Shuningdek, Markaz ishtirokchilari Markaz hududidagi faoliyatdan olingan kapital yoki daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish huquqiga ega. Soliq organlari va Markaz o‘rtasidagi soliqqa oid munosabatlar TXMMning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2076-yil 1-yanvarga qadar TXMM hududida bir qator soliq imtiyozlari amal qiladi:
- boshqaruv organlari va ishtirokchilarning Markaz hududida ko‘rsatilgan xizmatlardan (kriptobirjalardan tashqari) olgan daromadlari foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;
- Markaz organlari foydalanuvidagi obyektlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi;
- TXMM ichida foydalanish yoki iste‘mol qilish uchun olib kiriladigan tovarlardan import bojlari undirilmaydi.
Markazda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ish haqi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. O‘zbekiston rezidentlari uchun 7% lik soliq stavkasi amal qiladi.
TXMM ishtirokchisi bo‘lgan kompaniyalardagi ulushlarni sotishdan olingan daromadlar soliqlardan ozod qilinadi. Toshkent fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga (birja kotirovka varag‘i) kiritilgan qimmatli qog‘ozlarni sotishdan, shuningdek, ular bo‘yicha dividendlar va foizlardan soliq undirilmaydi.
Bundan tashqari, Markaz hududida farmonda nazarda tutilgan faoliyat turlari (sug‘urta, moliya, investitsiya, bank ishi, to‘lov tizimlari, fintex va h.k.) uchun QQSdan ozod etish joriy etilmoqda.
Avvalroq Spot Enterprise Uzbekistan markazi uchun 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi haqida yozgandi.
