O‘zbekistonda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini taʼminlash jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yildan davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70%i sunʼiy intellekt va axborot tizimlari orqali avtomatlashtiriladi.
Shuningdek, ijro ish yurituvi jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, ijro harakatlari davomida undirilgan mablag‘larni taqsimlash ham raqamlashtiriladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab sud va boshqa organlar hujjatlari asosida davlat daromadiga o‘tkaziladigan avtotransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davaktiv tasarrufiga o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda yangi yondashuv joriy etiladi.
Xususan, ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisi qarori bilan onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkini xatlash va ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Soliq qarzini undirish holatlarida bu ishlar soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan, garov bilan taʼminlangan majburiyatlar bo‘yicha esa davlat ijrochisi topshirig‘iga asosan tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.
Ijro hujjatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etishga oid barcha hujjatlar (garov, xatlov va ko‘zdan kechirish dalolatnomalari va boshqalar) elektron platformalar orqali yuboriladi va butun jarayon raqamlashtiriladi.
Shu bilan birga, xatlash va ko‘zdan kechirish asosida realizatsiya qilingan yoki taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi idoralar zimmasiga yuklanadi.
O‘tgan yilning avgustida qabul qilingan prezident farmoni bilan sud ishlarida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishi belgilangandi. Bunda sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi shakllantiriladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sudya va ularning oila a‘zolari mol-mulki deklaratsiya qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.