Toshkentda pora bilan ushlangan Qurilish vazirligi bosh mutaxassisi qochmoqchi bo‘ldi, deb xabar berdi DXX.
Bosh mutaxassis Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona rahbarining ishonchiga kiradi.
U Yunusoboddagi 6 ta uyga xizmat ko‘rsatishni bir korxonadan ikkinchi korxonaga o‘tkazish haqidagi uy-joy mulkdorlari imzolagan dalolatnomalarni billing tizimining Mening uyim platformasidan ro‘yxatdan o‘tkazib berishni vaʼda qiladi.
Bosh mutaxassis korxona rahbaridan $2200 talab qilgan. Bu ishlarni esa o‘zining mansabdor tanishlari orqali hal qilib berishni rejalashtirgan.
Vazirlik vakili $1500 ni olayotganda ushlangan. Qo‘lga olish jarayonida u qochishga uringan, biroq tezkor xodimlar tomonidan ushlab qolingan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlik holat bo‘yicha izoh berib, holat vazirlikning korrupsiyaga nisbatan qatʼiy va murosasiz pozitsiyasiga mutlaqo zid ekanini bildirdi.
“Vazirlik fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarini bunday holatlar yuzasidan vakolatli idoralarga murojaat qilishga chaqiradi. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan har qanday mansabdor shaxs qonun oldida javobgar bo‘lishi muqarrar”, — deyiladi xabarda.
Mart oyida qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov qurilishdagi korrupsion holatlar haqida gapirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamadovga nisbatan Ichki ishlar vazirligiga kiritilgan arizada unga chora qo‘llash emas, balki “tizim shaffofligi, unda korrupsiya bo‘lmayotganligini ko‘rsatish uchun” huquqiy baho berish so‘ralganini aytgandi. Bu mavzu jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘lgani uchun ish to‘xtatilgan.
Spot, avvalroq, Andijonda xorijdan 400 mln so‘mlik tilla buyumlarni noqonuniy olib kirayotgan shaxs ushlangani haqida yozgandi.