Samarqandda Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirish holati aniqlandi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qo‘shni davlatdan Jartepa chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi Mercedes Benz avtomashinasi nazoratidan o‘tkazildi.
Tekshiruvda transport vositasining bagaj qismida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan, qiymati taxminan 6 mln so‘mlik 1 dona Starlink qurilmasi borligi aniqlandi.


Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, mazkur orbital sunʼiy yo‘ldosh aloqa qurilmasini mamlakat hududiga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kirish mumkin emasligi tasdiqlandi.
Ayni paytda ushbu holat bo‘yicha fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (O‘zkomnazorat) matbuot xizmatining Spot‘ga aniqlik kiritishicha, radioelektron qurilmalarni O‘zbekistonga olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnoma olish kerak.
Bu ruxsatnomalar hukumat qaroriga (801-son) asosan Elektromagnit moslashuv markazi tomonidan beriladi. Buning uchun esa Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn ariza berish kerak.
“Agar kimdir bunday qurilmalardan ruxsatsiz foydalansa, bu qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday holatlarni aniqlash va chora ko‘rish O‘zkomnazorat inspeksiyasiga yuklatilgan”, — deyiladi izohda.
Agar noqonuniy foydalanish aniqlansa, inspeksiya tomonidan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ning 152-moddasiga (Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish) asosan ish ko‘rib chiqiladi va tegishli choralar qo‘llaniladi.
Avvalroq fuqarolar bojxona deklaratsiyalarini ilova orqali elektron topshirishlari mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

