Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kuni kecha vazir Asilbek Xudoyorovning tegishli buyrug‘i bilan Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatgachani tashkil etadi, bu yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqishli ishlar uchun ham amal qiladi.
Tibbiyot xodimlari bo‘lmaganlar uchun esa ish vaqti 40 soatni tashkil etadi. Shuningdek, zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti qo‘llaniladi.
Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti:
- dushanba-juma —
08:00—20:00 ; - shanba —
08:00—14:00 (navbatchilik).
Sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda:
- asosiy ish vaqti —
08:00—16:00 ; - qo‘shimcha navbatchilik —
16:00—20:00 .
Navbatchilik vazirlikning 254-son buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Ish haqi saqlanadi va kamaytirilmaydi. Ichki hujjatlar va mehnat shartnomalari qayta rasmiylashtiriladi. Statsionarlarda navbatchilik doimiy tashkil etiladi. Vazirlik smena va navbatchilik “adolatli taqsimlanishi"ni qayd etdi.
Prezidentning tegishli qarori bilan joriy yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilishi belgilangandi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Spot tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi qoplab berilishi mumkinligi haqida yozgandi. OTMda tahsil olayotgan xodimlar farzandlariga esa kontraktning 30%i miqdorida kompensatsiya berish rejalashtirilmoqda.