2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va chiqqaniga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdi jarayonida hisob-kitoblarning yangi tartibi joriy etildi.

Endilikda bunday bitimlar bank orqali eskrou hisobvaraqdan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu shuni anglatadiki, endi pul xaridordan sotuvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazilmaydi. Bitimga qo‘shimcha ishtirokchi — bank jalb qilinadi. Bunda bank mablag‘larni saqlab turadi va bitim yakunlanmaguncha ularni tomonlarning birortasiga ham o‘tkazmaydi.

Bitim qanday amalga oshiriladi?

Dastlab xaridor va sotuvchi bitim shartlarini kelishib oladi.

Kelishuvga erishilgach, xaridor bankka ariza topshiradi. Unda tomonlar haqidagi ma’lumotlar, obyekt to‘g‘risidagi axborot, bitim summasi va rekvizitlar ko‘rsatiladi. Shu ma’lumotlar asosida bank muayyan bitimga bog‘langan va faqat shu bitim uchun foydalaniladigan eskrou hisobvarag‘ini ochadi.

Eskrou hisobvarag‘ini ochish va yuritish banklarning mobil ilovalari orqali masofadan turib ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda sotuvchi yoki xaridorga tegishli mavjud hisobvaraqlar — masalan, bank kartasi yoki elektron hamyon ham eskrou hisobvarag‘i sifatida ishlatilishi mumkin.

Shundan so‘ng bitim summasi ushbu hisobvaraqqa kiritiladi. Buni naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Agar tomonlar bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishgan bo‘lsa, summaning faqat bir qismi kiritiladi. Agar kreditdan foydalanilsa, bank bitim rasmiylashtirilgandan so‘ng qarz mablag‘larini ulaydi.

Shu paytdan boshlab pul mablag‘lari hisobvaraqda joylashtirilgan deb hisoblanadi, lekin tomonlardan hech biri ulardan foydalana olmaydi.

Keyin xaridor va sotuvchi notariusga murojaat qiladi. Shartnomani rasmiylashtirishdan oldin, notarius eskrou hisobvarag‘ida kerakli summa bor-yo‘qligini tekshiradi. Buning uchun u bankka elektron tizim orqali so‘rov yuboradi. Javob avtomatik ravishda keladi.

Agar hisobvaraq yopilgan bo‘lsa yoki unda yetarli mablag‘ bo‘lmasa, shartnoma tasdiqlanmaydi. Barcha ma’lumotlar mos kelganda esa, notarius bitimni rasmiylashtiradi va bankka tasdiqnoma yuboradi. Notariusdan tasdiq kelgach, bank eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ni shu kunning o‘zida sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

Bunda sotuvchining hisobvarag‘idagi pullar uning talabiga ko‘ra bank tomonidan naqd pul shaklida berilishi mumkin.

Agar tasdiq kelmasa — masalan, bitim rasmiylashtirilmagan bo‘lsa — pul hisobda qoladi va xaridorga qaytarilishi mumkin.

Natijada bitim uch bosqichda amalga oshiriladi: avval pul bankka joylashtiriladi, so‘ngra notarius shartnomani tekshiradi va rasmiylashtiradi, undan keyingina mablag‘ sotuvchiga o‘tkaziladi.

Bu qancha turadi

Eskrou hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish uchun banklar komissiya oladi. Davlat banklarida (ularga Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Xalq banki, O‘zmilliybank, Turonbank, O‘zsanoatqurilishbank kiradi) tariflar qat’iy belgilangan:

  • ko‘chmas mulk oldi-sotdisi uchun — QQS bilan birga BHMning 50%i (206 ming so‘m);
  • avtomobillar uchun — QQS bilan birga BHMning 25%i (103 ming so‘m).

Bunda, agar xaridor va sotuvchi bir bank xizmatlaridan foydalansa, komissiya faqat bir marta undiriladi. Agar ular turli banklardagi hisobvaraqlardan foydalansa, ularning har biri belgilangan komissiyaning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdorini olishi mumkin: ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar uchun — 103 ming so‘m, avtomobillar uchun — 51,5 ming so‘m.

Xususiy banklar o‘z tariflari doirasida komissiyalarni mustaqil ravishda belgilaydi. Shu bilan birga, ularning ayrimlari davlat banklaridagi stavkalarni qo‘llaydi. Masalan, Orient Finans Bank va Asia Alliance Bank.

Ba’zi xususiy banklar eskrou hisobvarag‘iga bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aksiyalarni ham yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Anorbank va InfinBank’da barcha eskrou-hisob operatsiyalari bo‘yicha komissiyalar 0% etib belgilangan.

Aloqabank’da komissiya bitim summasining 2%ini tashkil etadi, biroq u belgilangan chegaradan oshmaydi: ko‘chmas mulk uchun BHMning 50%i va avtotransport uchun BHMning 25%i.

Spot boshqa xususiy banklardagi eskrou-hisobvaraqlar bo‘yicha tariflar haqida ma’lumot topa olmadi.