O‘zbekiston so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni tarixiy eng past foiz stavkada joylashtirishga erishdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
1-aprel kuni mamlakat $1 mlrd ekvivalentli o‘zining eng yirik hajmdagi milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarini tarixiy eng past foiz stavkada (12,25%) joylashtirdi. Taqqoslash uchun, so‘mda chiqarilgan 3 yillik xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha foiz stavkasi 2024-yilda 16,625% ni (3 trln so‘m) va 2025-yilda 15,5$ ni (6 trln so‘m) tashkil etgan.
Shu kuni AQSH, Yevropa, Buyuk Britaniya, Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlarining 32 ta yirik xalqaro investorlari ishtirokidagi global audiokonferensiyada “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar, islohotlar natijalari, makroiqtisodiy holat va kelgusi rejalar yuzasidan batafsil axborot berildi.
Yaqin Sharqda kuzatilayotgan geosiyosiy vaziyatga qaramay O‘zbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlik va izchil islohotlar tufayli suveren kredit reyting yaxshilanib borayotgani ijobiy baholandi.
Xalqaro investorlar tomonidan milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarga qiziqishni inobatga olib, shu kunning o‘zida so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilindi.
Kun davomida O‘zbekistonning so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarini xarid qilish uchun 50 ga yaqin xorijiy investorlardan jami 23,4 trln so‘mlik (dastlabki e’longa nisbatan 4 baravar ko‘p) buyurtmalar 12,5% darajasida kelib tushdi.
Xalqaro investorlar tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish natijasida $1 mlrd ekvivalenti (12,2 trln) miqdoridagi 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalar 12,25% stavkasida (ichki moliya bozoriga nisbatan o‘rta hisobda 14 bazis punkt past) joylashtirildi. Global noaniqliklar fonida mintaqadagi ayrim emitentlar milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarini yuqori foiz stavkalarida chiqarmoqda.
O‘zbekistonning so‘mdagi ushbu suveren xalqaro obligatsiyalari Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasida so‘nggi 15 yil ichidagi milliy valyutadagi eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etildi.
Shuningdek, ushbu obligatsiyalar GBI — EM (The Government Bond — Emerging Market Index) indeksiga kiritilishi ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa $300 mlrdga teng aktivlarni boshqaradigan yangi investorlarni jalb etish va kelgusida foiz stavkalarini yanada pasaytirish imkonini berishi qayd etildi.
Indeksga 14 ta davlat, xususan, Xitoy, Turkiya, Vengriya, Braziliya, Meksika, Malayziya, Polsha, va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarning suveren xalqaro obligatsiyalari kiritilgan.
Shu bilan birga, mazkur emissiya O‘zbekistonning boshqa emitentlari uchun jahon moliya bozorlarida milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarini qulay shartlarda chiqarishga xizmat qiladi.
Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Spot Franklin Templeton menejeri O‘zbektelekom va O‘zbekgidroenergo kuzatuv kengashlari tarkibiga kirgani haqida yozgandi.