O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlariga faqat daqiqa va SMSlardan iborat tariflarni joriy etish talabi yuklatilishi mumkin. Adliya vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, mobil operatorlar (provayderlar) tomonidan telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish hamda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya olish talab va shartlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, aholining turli ijtimoiy qatlamlari uchun qulay va internet trafiklarini o‘z ichiga olmaydigan, faqat daqiqa va (yoki) SMS-xabarnomalardan iborat tarif rejalarining mavjud bo‘lishi litsenziya shartlaridan biri etib belgilanadi.

Shu bilan birga, iste’molchilarni chalg‘itishining oldini olish maqsadida mobil tarif rejalarini abonent to‘lovi miqdori yoki tarif tarkibidagi xizmatlarga bog‘lab nomlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hozirda mobil operatorlarning tariflarni dastlab abonent to‘lovi miqdoriga bog‘lab nomlashi, keyinchalik esa to‘lov miqdorini oshirishi iste’molchilarni chalg‘itib, ortiqcha xarajatlarga olib kelmoqda.

Masalan, 2023-yilda Mobiuz taklif etgan “Jozibali 35” tarifi 35 ming so‘m bo‘lgan, biroq 2025-yil fevraldan 45 ming so‘mga oshirilgan. Xuddi shuningdek, “Jozibali 50” tarifi ham 50 ming so‘mdan 55 ming so‘mga ko‘tarilgan. Bu esa abonentlarni chalg‘itadi.

Shuningdek, aksariyat tariflarga internet trafigi kiritilgan bo‘lib, bu faqat qo‘ngiroq va SMS yetarli bo‘lgan ayrim mijozlar — keksalar, maktab o‘quvchilari, internetga ulanish imkoni bo‘lmagan foydalanuvchilarga ortiqcha xarajat yaratadi va tanlov imkoniyatini cheklaydi.

Masalan, Beeline va Oqmobile’da konstruktor (ixtiyoriy tanlash) tarifi mavjud bo‘lishiga qarama, internet majburiy kiritilgan.

Vazirlik Buyuk Britaniyada Talk & Text, AQSHda Talk & Text Only Plan kabi faqat qo‘ng‘iroq va SMS kiritilgan tariflar mavjudligini qayd etdi. Xorvatiyada aloqa operatori tariflarni iste’molchi xohishiga ko‘ra alohida tanlash imkonini berishi shart.

Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 15-apreligacha qabul qilinadi.

2025-yilning sentabr oyida senator Qutbiddin Burxonov aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olayotganini tanqid qilgandi. Foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarni tartibga soluvchi hujjat mavjud emas. Natijada bunday xizmatlarni bekor qilish qiyin bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq Spot abonent roziligisiz bepul xizmatlarni pullik qilish taqiqlanishini haqida yozgandi.