Rossiya kafe va restoranlari sun’iy intellekt kassirlaridan foydalanishni boshlaydi, deb xabar berdi Skolkovo matbuot xizmati.
Birinchi sun’iy intellekt kassir mijoz bilan jonli muloqotni to‘liq taqlid qiladi va unga tanlovni tezroq amalga oshirishda yordam beradi.
Yil oxirigacha sun’iy intellekt kassir Rossiyadagi 350 dan ortiq muassasada ishga tushiriladi. Uni restoran va kafelar uchun IT-yechimlar ishlab chiqaruvchi inno clouds kompaniyasi yaratgan.
Sun’iy intellekt kassir foydalanuvchiga mahsulot haqida, jumladan, taomning ozuqaviy qiymati va uning mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bera oladi.
Shuningdek, u allergenlar haqida xabar beradi, bu esa ma’lum bir masalliqni tayyorlash jarayonidan darhol chiqarib tashlash imkonini beradi.
inno clouds bosh direktori Aleksandr Buravsovning qayd etishicha, uni ishlab chiqish 2025-yil mart oyidan boshlangan. Hozirda u Rossiya restoranlari va qahvaxonalarida joriy etishga to‘liq tayyor.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday format tez ovqatlanish shoxobchalari yoki oziq-ovqat kortlari va qahvaxonalar uchun ko‘proq mos keladi, chunki u mijozga xizmat ko‘rsatish jarayonini 2 baravar tezlashtiradi va muassasaning daromadini 15−30% ga oshirishi mumkin.
inno clouds — Skolkovo rezidenti bo‘lgan Rossiya IT-kompaniyasi bo‘lib, restoranlar, qahvaxonalar va HoReCa tarmoqlarida buyurtmalarni mustaqil rasmiylashtirish uchun yechimlar yaratadi: o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kiosklari va planshetlari, QR-menyular, elektron navbatlar va buyurtma berishning raqamli ssenariylari.
Avvalroq Spot Xitoyda bir kishi ishlaydigan kompaniyalar trendga chiqayotgani haqida yozgandi.
Bunday kompaniyalar biznesni boshlash va kengaytirishda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadi hamda jamoa yollamasdan ishlaydi.