Avvalroq Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yaxshilashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda oliy ta’lim va tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizimni joriy etish taklif qilindi.
Oliygohlarning “spin-off” korxonalarini tashkil etish orqali “tarmoq — korxona — oliy ta’lim tashkiloti — ilmiy tashkilot” zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.
O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Endi har yili davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi.
Taqdimotda sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy ta’lim va ilm-fan tizimini yangi darajaga olib chiqish muhimligini ta’kidladi. Mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot kelasi o‘quv yilidan ayrim texnikum o‘quvchilariga 1,2 mln so‘mgacha stipendiya berilishi haqida yozgandi.