Joriy yilning birinchi choragida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 885 ta holat aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

Ushbu noqonuniy foydalanishlarning dastlabki hisob-kitob natijasiga ko‘ra, davlat manfaatlariga jami 196 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra, 34,6 mln metr kub tabiiy gaz (101,6 mlrd so‘m) va 49,7 mln kilovatt-soat elektr energiyasi (94,4 mlrd so‘m) talon-toroj qilingan.

Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1 599 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida AYQSH va korxonalardan olingan tahlil na’munalaridan 180 ta holatda 4 058 tonna neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.

O‘zenergoinspeksiya tomonidan iste’molchilarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha joriy yilda umumiy quvvati 716,5 MVT bo‘lgan 2 478 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosalar taqdim etildi.

Unga ko‘ra, 1 204,8 MVT bo‘lgan 1 427 ta iste’molchining elektr qurilmalar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, energetika obyektlariga tegishli umumiy quvvati 20,4 MVT bo‘lgan 140 ta obyektlarini elektr ta’minoti loyihalari kelishilgan hamda umumiy quvvati 5,1 MVT bo‘lgan 110 ta obyekt elektr qurilmalari ishga tayyorligi to‘g‘risida xulosalar berilgan.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha 8344 ta iste’molchilarga profilaktika tadbiri o‘tkazildi.

Quvvati 50 kW va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar davomida 2 293 ta iste’molchida reaktiv energiyasini kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalarni o‘rnatilishi ta’minlandi. Buning natijasida 19,4 mln kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.

Berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan 11 ta iste’molchiga ma’muriy bayonnoma tuzildi.


Avvalroq Spot endi soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida yozgandi.

Yangi tizim Namangan viloyatida sinov tarzida joriy etiladi. Agar yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik 1 mln so‘mdan oshgan bo‘lsa, fuqarolarga bir necha marotaba ogohlantirish yuboriladi.