3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lash, ta’lim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolayotgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “U10 — O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.

Mazkur tanlov quyidagi ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi:

  • professor-o‘qituvchi va olimlar salohiyati;
  • ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni;
  • ilmiy infratuzilmasi;
  • moliyalashtirishdagi ulushi va boshqalar.

Ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi. Milliy tadqiqot universitetiga bunday klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 150 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, oliy ta’lim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

2027-yildan oliy ta’lim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.

Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larning kamida 50%i ustuvor yo‘nalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Avvalroq Spot Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi Avstriyaning Krems universiteti boshqaruviga berilishi haqida yozgandi.