Xitoy eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda “powerbank"lar uchun xavfsizlik standartlarining keng ko‘lamli yangilanishini e’lon qildi.

Yangi talablar allaqachon BYD, CATL, Xiaomi va Huawei kabi 30 dan ortiq kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqilgan, deya xabar berdi Huawei Central.

Ularning joriy etilishi narxlarning sezilarli o‘sishiga olib keladi — portativ akkumulyatorlar taxminan 30% ga qimmatlashishi mumkin.

Barcha yangi quvvatlagichlar (pauerbanklar) uchun majburiy bo‘ladigan yagona standart 2027-yilning 1-aprelidan kuchga kiradi. Ishlab chiqaruvchilar esa bunga oldindan munosabat bildirib, bo‘lajak xarajatlarni mahsulot tannarxiga hozirdanoq kiritmoqda.

Xitoyning powerbanklarni tekshirish bo‘yicha yangi standartiga nimalar kiradi?

Endilikda pauerbanklar “igna sinovi” deb ataladigan testdan o‘tishi shart. To‘liq quvvatlantirilgan element diametri 4 mm bo‘lgan po‘lat igna bilan teshib o‘tiladi.

Bunda batareya yonib ketmasligi yoki undan suyuqlik oqmasligi, shuningdek, harorat sinovlari ham joriy etilmoqda — qurilmalar bir soat davomida 135 °C gacha qizishga bardosh berishi kerak.

Shu bilan birga, tekshiruvlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

  • ortiqcha zaryadga chidamlilikni (kuchlanishni nominal qiymatdan 1,4 baravar oshirgan holda) sinash;
  • uzoq muddat foydalanilgandan keyingi xavfsizlik;
  • mexanik mustahkamlik (qulash, bosim va zarbalarga bardoshlilik) sinovlari.

Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilarga yangi qurilmalarda qayta ishlangan yoki tiklangan akkumulyator elementlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ishlab chiqaruvchilar asosiy xususiyatlarni: haqiqiy sig‘im, chiqish quvvati, qo‘llab-quvvatlanadigan tezkor quvvatlash protokollari, xizmat muddati va xavfsiz ishlatish shartlarini to‘g‘ri ko‘rsatishi shart bo‘ladi.

Mutaxassislarning fikricha, yangi qoidalar bozorda arzon va sifatsiz pauerbanklar sonining kamayishiga olib keladi.

Biroq xavfsizlikning oshirilishi uchun foydalanuvchilar ko‘proq pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi — ishlab chiqarish tannarxining o‘sishi yaqin bir-ikki yil ichida qurilmalarning yakuniy narxida bevosita aks etadi.


Avvalroq Samsung mobil bo‘linmasini “inqiroz rejimi"ga o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Bunga xotira chiplari tanqisligi va Yaqin Sharqdagi mojaro sababli logistika zanjirlarining buzilishi sabab bo‘lgan