Ko‘p qavatli uy-joy qurilishi bilan bog‘liq kamchiliklar uchun fuqarolarga 24 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarib berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitaga ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 2025-yil davomida hamda 2026-yilning yanvar-fevral oylarida jami 2 057 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 700 dan ortig‘i o‘tgan yil hissasiga to‘g‘ri kelib, bu murojaatlarda quyidagi muammolar aniqlandi:

  • 708 tasida (33,8%) quruvchi korxonalar tomonidan ko‘p qavatli uyda qurilish ishlari sifatsiz o‘tkazilgan;
  • 693 tasida (33,1%) uy joylar shartnomada belgilangan muddatida topshirilmagan;
  • 278 tasida (13,5%) ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olingan;
  • 27 tasida (1,3%) qurilish bilan bog‘liq boshqa masalalar.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida aholidan ko‘p kvartirali xonadonlarni xarid qilish bilan bog‘liq 350 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ularda ham fuqarolar yuqoridagi kabi holatlarga duch kelganliklarini bildirgan.

Murojaatlarning 1 529 tasi (74,3%) ijobiy hal etilib, qariyb 24,4 mlrd so‘m iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Masalan, Surxondaryoda yashovchi fuqaro Sh.F. Toshkentda qurilayotgan ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilish uchun shartnoma tuzib, jami 1,4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ to‘lagan. Ammo S. R. qurilish korxonasi xonadonni belgilangan muddatda topshirmagan, qurilish esa sifatsiz bajarilgan.

Natijada fuqaroga xonadon uchun to‘langan mablag‘lari to‘liq qaytarib berildi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Avvalroq Spot 2025-yilda Toshkentda 1 sotix yer narxi 319 mln so‘mgacha pasaygani haqida yozgan edi. To‘rtinchi chorakda mamlakatda uy-joy narxlari dollarda oshdi, so‘mda esa deyarli o‘zgarmadi.