Masala haqida tuzukroq tasavvurga ega bo‘lish uchun bundan 17 yil avvalgi bir holatga e’tiborni qaratishga to‘g‘ri keladi. 2001 yilning yozida Buxoro shahrida yashovchi ishbilarmon Xursand Botirov bo‘sh yotgan yerni tender asosida oldiyu avtoulovlar to‘xtash maskani barpo etdi, deb yozadi Xalq so‘zi.

Bu yerdan shaxsiy avtobuslar respublikamiz poytaxti va hatto olis Rossiya shaharlariga yo‘l olar, xizmat risoladagidek ko‘rsatilayotgani bois hech kimda e’tiroz yo‘q edi. Nega ham bo‘lsin?! Axir, «Adizobod» korxonasi ta’sischisi bo‘lgan tadbirkor o‘z hisobidan ancha-muncha mablag‘ sarflab, qarovsiz yotgan joyni obod qildi.

Avtobuslarning texnik holatini nazorat qiluvchi shart-sharoit yaratdi. Shofyorlarga mo‘ljallab dam olish xonalari qurdi, yo‘lovchilar uchun ham qator qulayliklar hozirladi.

Pichog‘ing moy ustida bo‘lsa, senga havas qiladiganlar ko‘payadi. Hasad qiladiganlar ham. «Sharq» avtostansiyasi nomi bilan tanilgan bu maskanni «o‘ziniki» qilmoqchi bo‘lganlar, uni boshqa joyga ko‘chirmoqqa uringan mutasaddilar uchradi.

Tekshir-tekshirlar ko‘paydi. Xursand Botirov hammasiga chidadi. Chekinmadi. Kurashdi. Hali — hanuz kurashadi. Keyingi 14 yil davomida shahar, viloyat, respublika miqyosida qilgan murojaatlarini, sud muhokamalarini, olgan javob xatlarini, turli ommaviy axborot vositalariga yo‘llagan arizalarini — barcha-barchasini jamlasangiz butun boshli kitob bo‘lishi tayin.

Natija nima bo‘ldi, dersiz? Afsuski, ahvol tadbirkor kutganidek bo‘lib chiqmadi. Hozir o‘sha maskanga tashrif buyursangiz qarovsiz bir go‘shani ko‘rasiz. Bu yerdan yo‘lovchilar qadami ham allaqachon uzilgan.

Hudud fayzini yo‘qotgan. «Adizobod» korxonasi ham faoliyat ko‘rsatmay turibdi. Bu manzarani ko‘rgan Xursand Botirovning esa joni achiydi. Yordam so‘rab turli idoralarga murojaat qilgani-qilgan. Javoblar ichida tadbirkorni umidvor qiladiganlari ham, krossvordni eslatuvchilari ham bor.

Mana, uning 2018 yil 22 iyunda O‘zbekiston avtomobil transporti agentligiga yo‘llagan telegrammasiga boshliq o‘rinbosari Sh. Shovahobov tomonidan berilgan javob: «Sharq» avtovokzalida yechilmay kelayotgan masalangizni Buxoro shahri hokimiyati xodimlari bilan joyiga chiqqan holda o‘rganishni kelishgan taqdiringizda, agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi murojaat etgan tomonidan xodim ajratilishini bildiramiz".

Tabiatan o‘jar, qaysar, adolat yo‘lida otasini ham ayamaydigan kishilar sirasiga kiradigan Xursand akaning asl maqsadi nimadan iborat?!

«Prezidentimizning har bir chiqishlarini kuzatib boraman, — deydi keksa tadbirkor. — U kishining xalqimiz turmush darajasini oshirish, odamlar tashvishi bilan yashash to‘g‘risidagi fikrlari ruhimga ruh qo‘shadi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish borasidagi tashabbusi biz, ishbilarmonlar uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya shaharlariga avtobus yo‘nalishlarini ochish niyatidaman. Shu orqali turizm rivojiga hissa qo‘shmoqchiman, yo‘lovchilar tashvishini yengil qilmoqchiman. Zamonaviy avtobuslar xarid qilish maqsadidaman. Bu loyihani amalga oshirish uchun xorijiy sarmoyadorlar ham topganman. Niyatimning amalga oshishi „Sharq“ avtobekatini tegishli qaror asosida korxonamizga qaytarilishiga bog‘liq».

Tadbirkorning chinakam tadbirkor bo‘lib yetishishi uchun yillar kerak bo‘ladi. Xursand Botirov esa viloyatning dastlabki ishbilarmonlaridan sanaladi. Tajribasi bor. Malakali. Jonkuyar. Odamlarga qulaylik yaratay, deydi.

Shunday ekan, mutasaddilar tadbirkor Xursand Botirovga o‘z orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat berishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qolaversa, xalqimizda «Yaxshilik qil, daryoga tashla, baliq bilar, baliq bilmasa, Xoliq bilar» degan gap ham bor.