Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Hindiston elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar bilan o‘zaro kelishuvlarga erishildi, deb yozadi AKT mabuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, Hindiston ta’lim muassasalari va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida talabalar almashish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, shuningdek davlat grantlari asosida o‘zbekistonlik talabalarning o‘qishiga joy ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Javoharla’l Neru nomidagi O‘zbekiston-Hindiston o‘quv markazi faoliyatini takomillashtirish masalasi bo‘yicha Yetakchi hisoblash markazi bilan hamkorlik rivojlanmoqda. Unga ko‘ra, texnik universitet talabalari va davlat xizmatchilari hamda mutaxassislariga kompyuter va tizim injiniringi, ma’lumotlar almashish va dasturlashtirish fanlari bo‘yicha ta’lim berish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi va Hindiston axborot texnologiyalari markazi o‘rtasida elektron hukumatning qator yo‘nalishlari: elektron tibbiyot, elektron ta’lim, elektron parlament, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha davlat xizmatchilarini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.