Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining olib o‘tilishiga chek qo‘yilmoqda.
Jumladan, “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Almata-Nukus” yo‘nalishidagi poyezdning yo‘lovchisi qo‘shni davlat fuqarosi M.Musayev (xabardagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) umumiy qiymati salkam 3 mln. so‘mlik 254 dona turli xil kosmetika tovarlarini vagonning o‘rindiqlari tagiga yashirib, olib kelayotgani aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Rossiya davlatidan D.Asadova nomiga kelgan pochta jo‘natmalari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida CN23 bojxona deklaratsiyalarida ko‘rsatilmagan 177 ta parfyumeriya va dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Horijda ishlab chiqarilgan mazkur parfyumeriya va dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 154 mln. so‘mdan oshar ekan.