“Navoiydonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatida tarkibi zarur ozuqa bilan boyitilgan, ma’lum shaklda zichlangan omixta-yem ishlab chiqarish sexi ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, sex “O‘zdonmahsulot” AJ tizimi korxonalari tomonidan baliq, parranda va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish bo‘yicha 2017−2018 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturiga asosan faoliyat boshladi.

Mazkur sexda 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

“Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 maydagi „2018 yil boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ishtirib olish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida“ gi qarori ijrosi doirasida jamiyatimiz va 1 ming 184 fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, qariyb 83 ming tonna boshoqli don qabul qilindi. Ayni paytda jamiyatda 2019 yil hosili uchun „Elita“, „Super elita“ va „R1“ navli urug‘lik don tayyorlanmoqda”, — deydi “Navoiydonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sherali Sharipov.

Korxonada aholiga sifatli un mahsulotlari yetkazib berish bilan bir qatorda, parrandachilik, chorvachilik va baliqchilik uchun ham maxsus ozuqa ishlab chiqarish tarmog‘ining yo‘lga qo‘yilgani ichki bozor talabini qoplash, eng muhimi, viloyatda qishloq xo‘jaligining mazkur yo‘nalishini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi.

Qiymati qariyb 460 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy uskunalar dastlabki mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshladi. Tez kunda arzon va mahalliy granullangan omixta yem xaridorlarga yetkazib beriladi.